AQShning Tesla kompaniyasi 20 oktyabrda 3-chorak uchun hisobotni taqdim etdi. Unga ko’ra, kompaniya tushumi 3 oylik davr ichida 57 foizga oshib, 13,8 mlrd dollarga yetgan. Sof daromad esa deyarli 5 marta oshib, 1,6 mlrd dollarni tashkil qilgan va bu kompaniya uchun rekord ko’rsatkich hisoblanadi.
Kompaniya bunday natijalarga Xitoyda avtomobillar savdosidagi yuqori ko’rsatkichlar va ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartira olgani hisobiga erishgan.
Oktyabr boshida ham kompaniya elektromobillari savdosi bo’yicha ma’lumotlarni taqdim qilgan. Ularga ko’ra, 3-chorakda kompaniyaning elektromobillar savdosi 2020 yilga nisbatan 72 foizga oshgan va 241 mingtaga yetgan. Tahlilchilarning fikricha, kompaniya savdosi 4-chorakda ham o’sishda davom etadi va 266 mingta elektromobilga yetishi kutilmoqda. Shunda kompaniyaning yillik savdosi 900 mingta mashinani tashkil qiladi.
Kompaniya hozirda boshqa avtomobilsozlik kompaniyalaridan farqli, mikrochiplar taqchilligidan kamroq darajada aziyat chekmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, Tesla boshqa turdagi chiplarni sotib olib, ularning dasturiy ta’minotini o’z qurilmalariga moslab o’zgartirishni boshlagan. Biroq shunday bo’lsa-da, chiplar muammosi kompaniyaga ham o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmagan. “Butlovchi qismlar taqchilligi va logistikadagi muammolar sababli zavodlarimizni to’liq quvvatda ishga tushira olmadik”, deb aytilgan kompaniyada.
Kompaniya aksiyalari hisobot e’lon qilingandan keyin yaxshi natijalarga qaramay 1,5 foizga arzonlashgan. Tahlilchilar buni oxirgi haftalarda kompaniya aksiyalari narxi ijobiy natijalar taqdim etilishi umidida kuchli o’sgani va uning mashinalari ishtirokida yuz bergan yo’l-transport hodisalari bo’yicha tergov hamon davom etayotgani investorlarni xavotirlantirayotgani bilan bog’lashmoqda.