Tayson zavodni umr bo’yi chekuvchi bo’lgan hamda hissiy va jismoniy dam olish yo’llarini qidirayotganlarga yordam berish uchun ochgan
Boks bo’yicha og’ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Mayk Tayson o’zining Tyson 2.0 marixuana zavodini ishga tushirishga qaror qildi. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.
Tyson 2.0 26 noyabr kuni Koloradoda Columbia Care tibbiy kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirildi. U hozirda 16 shtatda 99 ta dispanserga ega.
«Mayk Taysonning nashaga bo’lgan ishtiyoqi va o’zining ijobiy tajribalari orqali brendga olib kelgan tushunchasi tufayli biz juda mashhur bo’lgan mahsulotni imkon qadar tezroq bozorga chiqarishimiz kerakligini bilardik. Biz eng yirik bozorlardan biri bo’lgan Koloradoda ish boshladik va butun mamlakat bo’ylab kengayish uchun tajribamizdan foydalanishni intiqlik bilan kutamiz», — dedi Columbia Care direktori Jessi Chennon.
Tyson 2.0 brendi bir unsiya (28,3 g) marixuana paketini, shu jumladan mashhur Maui Wowie’ni 89,95 dollardan sota boshlaydi. AQShda bir unsiya marixuananing o’rtacha narxi 82 dollarni tashkil etadi. Tyson 2.0 kelgusi oylarda 3,5 grammli pre-rolls va qutili marixuana sotishni rejalashtirmoqda.
«U shunchaki mahsulotga o’z nomini yozib qo’ymaydi. Biz mahsulotni Mayk ma’qullamagunicha bozorga chiqarmaymiz. Tayson tadqiqot va ishlab chiqish jarayonida ishtirok etadi va o’zi yoqtirgan navlarni shaxsan tanlaydi», — deya CNBC Tyson 2.0 bosh direktori Adam Uilksning so’zlarini keltirgan.
55 yoshli Taysonning aytishicha, u zavodni umr bo’yi chekuvchi bo’lgan hamda hissiy va jismoniy dam olish yo’llarini qidirayotgan boshqa odamlarga yordam berish uchun ochgan.
Boks afsonasi nasha yoki CBD liniyalarini targ’ib qilish uchun mashhurlikdan foydalangan mashhurlar ro’yxatiga qo’shildi. Misol uchun, Bob Marli oilasi 2016 yilda Marley Natural marixuana liniyasini ishga tushirgandi. Aktyor va komediyachi Set Rogen 2019 yilda Houseplant nasha kompaniyasiga asos solgan.
Avvalroq Uber Eats marixuana yetkazib berishni yo’lga qo’yishi haqida xabar berildi. Shuningdek, Hindiston politsiyasi Amazon rahbarlarini marixuana kontrabandasida aybladi.