AQShlik Jozef Ueyl XX asrning eng mashhur qalloblaridan biri. U hatto «firibgarlar qiroli» laqabini olgan.
Bir kuni J.Ueyl Munsidagi Milliy savdo banki boshqa joyga ko’chib o’tayotganidan xabar topadi. Shundan keyin u o’sha bo’shagan binoni ijaraga olib, soxta klerk (hujjatlarni rasmiylashtiruvchi kichik xizmatchi) va mijozlar guruhini tuzadi hamda qizg’in bank faoliyati ko’rinishini «sahnalashtiradi».
Ushbu butun boshli shou yer maydonlarini to’rt baravar qimmatga sotish taklif etilayotgan bir mahalliy millioner uchun uyushtirilgandi. Bunda mijoz bank xo’jayinini kutgan mahalda kassadagi navbatlar, qog’oz ko’targan xodimlar hamda qo’riqchilarni kuzatish, telefonda suhbatlashayotgan «mijozlar»ning so’zlarini beixtiyor eshitish imkoniyatiga ega bo’lgandi.
Xullas, “bank boshlig’i” xaridorni toliqqan holda va norozi kayfiyatda kutib oldi, biroq o’zini savdo-sotiqqa ko’ndirishlariga yo’l qo’yib berdi…
Yer maydonlarining oldi-sotdi shartnomasi soxta bo’lib chiqqanini anglab yetgan millionerning ahvolini tasavvur ham qila olmaysiz. Keyingi kuni esa o’sha manzilda bankdan asar ham qolmagandi.
***
Aka-uka Goxmanlar XIX asrda Odessada yashagan. Ularning qadimiy va noyob buyumlar sotiladigan do’koni bo’lib, u yerda mijozlarga haqiqiy tarixiy va antiqa mahsulotlar bilan birga qalbakilari ham taklif etilardi.
Kunlardan birida boylikka o’ch Goxmanlar yengil pul topish ishtiyoqida chindan-da mislsiz bir tadbirni tashkil etishga qaror qilishdi. 1896 yilda ular Luvr muzeyiga skiflar shohi Saytafarnning nodir tiarasi (bosh kiyimi)ni 200 ming frank evaziga sotishga erishishdi. Yetti yil davomida ushbu mo»jizani ko’rish uchun Parijga butun dunyodan sayyohlar tashrif buyurishdi. Sakkizinchi yili esa Monmartrdan kelgan mohir rassom va haykaltarosh Ellin Mayens uning soxta ekanini fosh etdi.