image0

Bugunga kelib fastfud eng talabgir mahsulotga aylanib bo‘ldi va shaharlarning istalgan burchagida shunday taomlanish markazlarini topish mumkin. Ta’kidlash kerakki, fastfudning iste’mol uchun mazaliligidan tashqari, taomlarni eshikkacha yetkazib berish xizmatining tizimli yo‘lga qo‘yilgani ham xo‘randalarni jalb qiladi. Go‘yoki “cho‘ntak oriq” bo‘lmasa, boshqa masala yo‘qdek. Ammo bunday mazali taomlar faqat cho‘ntakka emas, tanangizga ham og‘ir. Bu haqda ko‘p va xo‘p gapirilgan bo‘lsa-da, boshqalaridan farqli o‘laroq quyida fastfudning nega zarar ekanidan tashqari, foydali tomonlari haqida ham so‘z boradi.

Fastfudning qanday afzalliklari bor?

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?1

To‘g‘ri, ba’zi turdagi tez tayyor bo‘luvchi taomlar narxi qimmatroq bo‘lishi mumkin, ammo arzonlari ham ko‘plab topiladi. Ayniqsa, ular yo‘l-yo‘lakay ovqatlanib olish uchun ham yaxshi tanlov bo‘la oladi. Shunday qilib, doimiy tanqid ostiga olinadigan fastfudning odamlar uchun manfaatli jihatlari ham bor. Quyida ularning bir nechtasini sanaymiz:

  • mazali va ishtaha ochar;
  • yetkazib berish xizmati tez;
  • “nima tayyorlasam ekan?” degan savolga hojat qoldirmasligi mumkin;
  • fastfud kafelarini topish oson – deyarli har ikki bekatda bitta;
  • muhim ishni bajarish baravarida taomlanish ham mumkin;
  • qulay qadog‘i bilan sayohatga olib borish mumkin.

Fastfudning nimasi zarar?

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?2

Ta’mi qanchalik mazali va ko‘rinishi ajoyib bo‘lmasin, afsuski, bunga qaramay fastfudning zararli tomonlari organizmga qimmatga tushadi. Garchi tez tayyor bo‘luvchi taomlar bizga vaqt tejash va kuch sarflashni kamaytirishda yordam bersa-da, bu qulayliklarning ham o‘z narxi bor. Fastfudning ayrim katta kamchiliklari yaxshi ma’lum bo‘lsa, ba’zilari hanuz to‘liq tushunib yetilmagan. Semirishdan tortib yurak bilan bog‘liq xavflargacha – quyida hammasiga izoh beramiz:

Yurak qon-tomir kasalliklari

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?3

Fastfudning norasmiy ikkinchi nomi – “nosog‘lom ovqat”dir va bu bejizga emas. Chunki bunday taomlar o‘zida ko‘p miqdorda yomon xolesterin miqdorini oshiruvchi to‘yingan yog‘larni saqlaydi, bu esa yurak faoliyatiga zarar yetkazadi. Bundan tashqari, fastfud o‘zida yuqori miqdorda natriy saqlagani uchun qon bosimi oshishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bunday taomlar uzoq vaqt mobaynida iste’mol qilinganida yurakka salbiy ta’siri namoyon bo‘ladi.

Gigiyena muammolari

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?4

Tez tayyorlanadigan taomlarning gigiyenik jihatdan qanchalik xavfsiz ekani har doim savol ostida. Ko‘plab fastfud tarmoqlari mijozlarga tez xizmat ko‘rsatishga intilar ekan, tozalikka qanday munosabatdaligi noma’lum. Chunki ko‘pgina tarmoq egalarining asosiy maqsadi sifat emas, son ekani iddao qilinadi va har doim ham eshik ortidagi ish jarayoni xo‘randalarga qorong‘i.

Ortiqcha vazn

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?5

Tez tayyor bo‘luvchi ovqatlarni muntazam iste’mol qilish alaloqibat semirishga olib keladi, chunki ularning ko‘pchiligi yuqori miqdorda kaloriya va yog‘ni o‘z ichiga oladi. Odatda bunday taomlar choy yoki oddiy suvdan ko‘ra ko‘proq shirin va gazli ichimliklar bilan iste’mol qilinadi, bu esa yuqori miqdordagi glyukoza tufayli vazn oshishiga sabab bo‘ladi.

Past ozuqaviy qiymat

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?6

Ko‘pchilik fastfud tarmoqlari muzlatilgan mahsulotlardan foydalanadi. Ular tez tayyor bo‘lsa-da, lekin foydali moddalar miqdori juda past bo‘ladi. Mahsulot muzlatkichda qancha uzoq saqlansa, o‘zidagi foydali xususiyatlarini shuncha ko‘p yo‘qotadi. Tez xizmat ko‘rsatish maqsadida tadbirkorlar asosan oldindan qayta ishlangan mahsulotlarni tanlaydi, bu esa oziqlanish qiymatini yanada tushiradi. Ya’ni, organizm o‘ziga kerakli moddalarni ola olmaydi.

Hazm qilish muammolari

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?7

Fastfudda ko‘pincha ziravor hamda qayta ishlangan mahsulotlar bo‘ladi, ular asosan ta’mni kuchaytirish uchun qo‘shiladi. Shuning uchun bunday nosog‘lom ovqatlar oshqozon va ichak bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin. Oshqozon yarasi va hatto saraton hosil qiluvchi moddalar shular jumlasidan. Bundan tashqari, qorin dam bo‘lishi, qabziyat va ichak faoliyati buzilishi kabilar ham fastfud iste’molining keng tarqalgan salbiy tomonlaridir.

Semizlik

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?8

Yog‘ va uglevod iste’moli haqida gap ketar ekan, iste’molchining semirish xavfidan qochib qutula olmasligini ta’kidlash lozim. To‘yingan yog‘larning ko‘p miqdorda va muntazam iste’mol qilinishi tanada ortiqcha yog‘ to‘planishiga olib keladi.

Buyrak va jigarga xavf

Fastfud – zarar. Xo‘sh, nega?9

Fri (qovurilgan kartoshka) va burgerlar asosan qayta ishlangan tuzni o‘z ichiga oladi, bu esa buyrak va jigar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday tuzlar fermentlar faoliyatini o‘zgartirib, jigardagi muvozanatni buzadi, transyog‘lar esa jigar atrofida to‘planadi. Bundan tashqari, tuzning yuqori miqdori qon bosimini oshirib, buyrak faoliyatini yomonlashtiradi.

Ta’kidlash mumkinki, deyarli barcha fastfud chala pishirilgan yoki yog‘da kuchli qovurilgan mahsulotlarni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, mahsulotlarni qovurish uchun bitta yog‘dan ko‘p marta foydalanilishi, maksimal darajada maza beruvchi sun’iy qo‘shimchalarning qo‘shilishi ham zararli ta’sirlarni yanada oshiradi.

Unutmaslik kerakki, inson tanasi u iste’mol qiladigan ozuqalar majmuasidir. Sekin bo‘lsin, tez bo‘lsin, u albatta o‘z aksini ko‘rsatadi. Tanlov esa har kimning o‘z qo‘lida.