Rus yozuvchilarining g'alati odatlari

Bunin va dudlangan go’sht

Bir paytlar shifokori Buninga nonushtaga dudlangan cho’chqa go’shti yeyishni maslahat bergandi. Shuning uchun shoirning xizmatkorlari har kuni ertalab dudlangan cho’chqa go’shti tayyorlagan. Biroq Buninning yangi oqsochi Vera Nikolayevna biroz dangasaroq chiqib qoldi. Oqsoch ertalab ko’chaga yugurib yurmaslik uchun dudlangan go’shtni kechqurun keltirib qo’yardi. Biroq Bunin tunda uyg’onib olib, oshxonaga kiradi va go’shtni yeb qo’yadi. Bu holat bir hafta davom etadi, Vera Nikolayevna dudlangan go’shtni eng kutilmagan joylar — kastryulning ichi, kitob javoniga yashirsa ham Bunin doim topib, yeb qo’ygan. Bir haftadan so’ng shoir izlaganini topa olmagach, sekin oqsochini uyg’otib: «Vera, dudlangan go’sht qaerda? Bu nimasi! Bir yarim soatdan beri qidiraman», deydi  ko’zlarini olaytirib. Vera Nikolayevna o’rnidan sapchib turib, mashhur rassomning kartinasi orqasidan go’shtni olib, uni itoatkorlik bilan Buninga beradi. Ertasiga ertalab esa Buninning nonushtasiga dudlangan go’sht olib kelish uchun oqsoch yarim soat vaqtliroq uyg’ongan ekan.

 

Pushkin va limonad

Qanchalik g’alati bo’lmasin, Aleksandr Sergeevich ichimliklardan limonadni juda xush ko’rgan. Ayniqsa, ishlayotgan paytida. Shoir sevimli ichimligini aksariyat hollarda tunda ichgan. «Shoir ko’pincha tunda ijod qilgani bois ish stolida, albatta, limonad turishi kerak edi», deya eslaydi Pushkinning kamerdineri Nikifor Fyodorov. Bundan tashqari, Pushkin qora qahvani ham juda yaxshi ko’rgan, biroq limonad uni ko’proq tetik qilgan.

Agar Pushkinning sinfdoshi va sekundanti Konstantin Danzasning xotiralariga quloq tutadigan bo’lsak, u Dantes bilan duelga ketayotganda ham yo’l chetida joylashgan qahvaxonaga kirib, limonad ichib chiqqan emish.

 

Gogolning g’alati qilig’i

Nikolay Vasilyevichni g’alati odatlar rekordchisi deya hisoblasa bo’ladi. U qo’l ishlarini yaxshi ko’rgan va o’ziga tez-tez ro’molcha tikib turgan. Kiyim-kechaklarini ham o’zi yamagan. Hamma asarlarini turgan holatda yozgan, o’tirib uxlagan.

Yozuvchining g’alati odatlaridan yana biri, non ushoqlarini dumaloqlab o’tirish bo’lgan. Shoir va tarjimon Nikolay Berg bu haqda shunday eslaydi: «Gogol xonaning u burchagidan-bu burchagiga borib kelgan yoki oq nondan dumaloqlar yasab o’tirgan. Aytishicha, bu odat unga murakkab masalalarni bir zumda hal etish imkonini berar ekan. Ko’pincha tushlikda zeriksa, dumaloq non bo’lakchalarini yaqin turgan kvas yoki sho’rvaga tashlab o’tirganini ko’rishgan. Yaqin do’stlaridan biri bunday urvoqchalaridan bir olamini yig’ib qo’ygan…»

 

Yaltadagi
Chexov

Chexovning Yaltada kechgan faoliyati davomida yaqinlari juda ko’p g’alati voqeaning guvohiga aylanishgan. Uning opasi Mariya Pavlovnaning eslashicha, yozuvchi ko’pincha hovliga to’kib qo’yilgan yirik shag’allarni bolg’a bilan maydalab o’tirishni yaxshi ko’rgan. Bu ermagi uchun Anton Pavlovich hatto 2-3 soat vaqtini sarf qilgan. Shundan so’ng maydalangan toshlarni yo’lka bo’ylab sepib chiqqan.

Shuningdek, yozuvchi pochta markalarini kolleksiya qilishni ham yoqtirgan. Chexov kuniga juda ko’p xatlar qabul qilgan va yozgan. Bu maktublar unga faqat Rossiyadan emas, turli xorijiy mamlakatlardan ham jo’natilgan. Anton Pavlovich bu markalarni konvertlardan ehtiyotkorlik bilan ko’chirib, pachkaga joylashtirgan. Har bir pachkada 200 tadan oshiq marka bor edi, uning butun kolleksiyasi esa bir necha mingtani tashkil qilgan.

 

Dostoyevskiy va notanish odam

Fyodor Mixaylovichning notanish insonlarga bo’lgan qiziqishi juda kuchli edi: yozuvchi ko’chadagi har qanday odamni to’xtatib, uni savollarga ko’mib tashlashni xush ko’rgan. Suhbatdoshini diqqat bilan o’rganib chiqqan Dostoyevskiy shu tarzda yangi romani uchun material to’plagan.

Qahramon haqida tasavvur paydo bo’lgach, Fyodor Mixaylovich xonasiga qamalib, bir necha kun ovqat va uyqusiz ishlashi mumkin edi. Bundan tashqari, adib romanidagi matnlarni ovoz chiqarib o’qishni ham juda sevgan. Bir kuni hatto Dostoyevskiy bilan g’alati hodisa sodir bo’lgan. Yozuvchi «Jinoyat va jazo» romanidagi Raskolnikov matnini o’qiyotganida malay buni eshitib qoladi va unga xizmat qilishdan bosh tortadi. Chunki Dostoyevskiyni kimnidir o’ldirgan, deb o’ylaydi.