SUVARAK… BOY KUNDALIGIDAN
***
Bugun xo’jayinim bilan yangi kvartiraga ko’chib o’tdim. Voy, shunaqangi zo’rki… Yevroremont, yevrooyna, yevroeshiklar, yevrogilamlar, yevromuzlatkich. Xudoyim-ey, nahotki, shularning hammasi meniki-a?!.. Yo’lda kelayotib shamollagan ekanman. Xo’jayinning sumkachasidan qandaydir dori topib chaynab ko’rgandim, yaramas, kor qilmadi. Be, shuyam dori bo’ptimi, shuyam vrachmi? Faqat pul olishni bilishadi, dedim-u, eskicha usulda davolana boshladim. Avval xo’jayinning arog’ida, keyin qaynoq choyga tushib parlanib ko’rdim. Hammasi yaxshi bo’ldi-qo’ydi.
* * *
Ko’chib o’tganimiz sharafiga ziyofat berdik. Ovqat, ichimlik degani hech qaerga sig’may ketdi o’ziyam. Shu darajada ko’p ichganimdanmi, salat ichiga tushibman-u, uxlab qolibman.
* * *
Kecha men axlat to’kilgan chelakda o’z muhabbatimni uchratdim. Birinchi ko’rishdayoq sevib qoldim u sanamni. Mallagina, ko’zlari pistadek, Mo’ylovlari!.. Oh-oh!.. Darrov tanishdik. Ismi Masha ekan. Kechqurun televizor ko’rishga taklif qildim. Xo’jayinim ja g’alati odam-da!.. Qayoqdagi jangari kinolarni xush ko’radi. O’zi ham urushayotganlarga qo’shilib sakrayverganidan, ko’pincha meni bosib oladi. Voy-voy-ey!.. Undan so’ng qanchalar boshim og’rib chiqishini bilsangiz edi… Kinosi qursin, dedig-u, shampan vinosi ichiga tushib ketdik. Oh, biz Masha ikkovimiz u yerda juda yaxshi o’tirardik, ha! Chiqqanimizda… Sarmast edik. Kech bo’lib qolgani sababli, afsuski, xayrlashishga majbur edik. Mayli, ertaga yana axlat chelakda uchrashamiz-ku!..
* * *
Masha aytdiki, biz yaqinda farzandli bo’larkanmiz. Eh, men shunday xursandmanki… Lekin, avval to’y qilib nikohdan o’tishimiz kerak. busiz bo’lmaydi, axir!.. Xudo xohlasa, to’yimizni xo’jaykamning tug’ilgan kuni, tort ichida o’tkazmoqchimiz. Shunaqa!.. Sizlar ham tashrif buyuringlar, xo’pmi!?.
Olimjon HAYIT tayyorladi