Quyoshda kuchli chaqnash sodir bo‘ldi. Bu Yerda magnit bo‘ronini yuzaga keltirishi mumkin. Bu xaqda Rossiyadagi akademik Yevgeniy Fyodorov nomidagi Amaliy geofizika instituti xabar berdi.
Quyosh-Yer fizikasi instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 24 oktyabr kuni Quyoshda to‘rtta chaqnash sodir bo‘lgan va ularning oxirgisi “qizil” darajada bo‘lgan. Qolganlari esa kuchsiz darajada, deb topilgan.
“Quyoshda X3.3 sinfidagi kuchli chaqnash sodir bo‘lgan. 3868 (S16E76) dog‘lar guruhidagi rentgen diapazonida X3.3 chaqnashi sodir bo‘lgan va u 44 daqiqa davom etgan. Chaqnash qisqa to‘lqinli radioaloqaning qisman uzilishiga olib kelgan", deyiladi xabarda.
Ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, bugun, 25 oktyabrda kunning ikkinchi yarmida magnit bo‘roni kuzatilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Oktyabr boshidan beri Quyoshda to‘rtta kuchli chanqash sodir bo‘lgan. Ushbu hodisalar rentgen nurlanishining kuchiga qarab sinflarga (A, B, C, M va X) ajratiladi. Eng kichik sinf — A0.0 bo‘lib, u Yer orbitasida 1 metr kvadrat uchun 10 nVt radiatsiya kuchiga to‘g‘ri keladi. Chaqnashlar oqibatida odatda plazma ajraladi. Ular Yerga yetib kelishi va magnit bo‘ronlarini hosil qilishi mumkin.
Magnit bo‘ronlarining eng kuchli ta’sirini elektron apparatlar, asosan, sun’iy yo‘ldoshlar, kosmik stansiyalardagi texnika va uskunalar bilan aniqlash mumkin. Yerdagi sezgir elektron qurilmalar faoliyati esa bu hodisa natijasida buzilishi mumkin.
Jasmina Rasulova