Barcha Android foydalanuvchilari bu xabardan keyin taajjubga tushishlari mumkin. Ehtimol, bo’ydoqlar hoziroq o’z smartfonlarini Apple ayfonlariga almashtirishlari ham mumkin. Biroq, bu shunchaki tadqiqot natijalari, hayot-mamot masalasi emas.
Statistika va tadqiqotlar bilan shug’ullanuvchi Decluttr kompaniyasi qizlar o’rtasida qiziq so’rovnoma tashkil qildi. Uning natijalariga ko’ra, har 10 nafar qizdan 7 nafari iPhone devaysidan foydalanuvchi yigitlar bilan aloqada bo’lishni xush ko’rar ekan.
Buning sabablari esa bir dunyo. Ko’pchilik qizlarning ma’lum qilishlaricha, iPhone egalari juda nozikta’b hamda murakkab shaxsiyat egalari bo’lishadi. Yana kimningdir fikriga ko’ra, bu yerda gap iqtisodiy imkoniyatda. Ya’ni, ayfon ixlosmandlari moliyaviy jihatdan erkin bo’ladilar. Ha, hali ayfonni boylikning timsoli degan xato stereotip ko’pchilikning ongida saqlanib qolgan.
Shu bilan birga, Decluttr kompaniyasining xabar tarqatishicha, qizlarning nazdida siniq yoki darz ketgan ekranli smartfondan foydalanib yuradigan yigitlar e’tiborsiz, tartibsiz hamda kambag’al ekan. Ayrim qizlar esa smartfonlarning modeliga ham diqqat qiladi.
Shuningdek ta’kidlash kerakki, iPhone egalari boshqalarga qaraganda gadjetlariga ko’proq bog’lanib qolganlar, qolaversa ularning fe’l-atvori ham tushunarsiz ekani tadqiqotlarda ma’lum bo’lgan. Bu fikrlar so’rovda qatnashgan qizlarning qarashlari. Ayfondan foydalanuvchi ayrim yigitlar do’stona munosabatlarni buzishdan umuman qo’rqmaydilar.
So’rovda 1502 nafar qizlar ishtirok etishgan. Albatta, bu nisbiy natija. Insonlarga ularning smartfonining modeliga qarab baho berib bo’lmaydi. Zero, inson qalbi har qanday devaysdan ham noyob va qadrli.