Melburn (Avstraliya)dagi Monash universiteti olimlari 2080 yilga kelib, tropik va subtropik mintaqalarda jazirama qurbonlari soni deyarli besh marta oshadi, degan xulosaga keldi. Bunga ekstremal ob-havo voqeliklarining ko’payishiga olib keluvchi antropogen iqlim o’zgarishlari sababchi bo’ladi. Bu haqda Daryo.uz xabar berdi.
Tadqiqotchilar 2031—2080 yillarda 20 ta mamlakatda jazirama bilan bog’liq o’limlar sonini baholash uchun model ishlab chiqdi. Bunda atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari hajmi, mintaqalardagi aholining zichligi, shuningdek, jazirama oqibatlarini yumshatish bo’yicha turli strategiyalar e’tiborga olindi.
Eng pessimistik ssenariyga ko’ra, Avstraliyaning Brisben, Sidney va Melburn shaharlarida ob-havo falokatlaridan o’lish darajasi 1971—2010 yillar bilan taqqoslaganda 471 foizga oshib ketadi. Qurbonlar soni Hindiston, Gretsiya, Yaponiya va Kanadada sezilarli ravishda o’sadi.
Olimlar fikricha, Parij bitimiga rioya qilingan taqdirda, prognoz qilinayotgan oqibatlar ancha yumshaydi.
Parij bitimi iqlim o’zgarishi 2020 yildan atmosferada issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlarni tartibga solish bo’yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining dastlabki konvensiyasi doirasida qabul qilingan hujjat hisoblanadi. Mazkur bitim 2015 yil 12 dekabrda Parijda bo’lib o’tgan Iqlim bo’yicha konferensiyasi chog’ida Kioto protokolining rivoji sifatida qabul qilingan. Bitimdan ko’zlangan maqsad BMTning iqlim o’zgarishi bo’yicha dastlabki konvensiyasi «hayotga tadbiq etilishini faollashtirish», xususan, haroratning global o’sishini Selsiy shkalasi bo’yicha o’rtacha 2 darajadan past holatda ushlab turish va harorat o’sishi 1,5 darajada cheklanishi uchun sa’y-harakatlarni ishga solish bilan izohlanadi.