O’zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g’risida”gi Qonuni 42-moddasi talabalariga asosan alimentlar undirish, zararni qoplash, zararni to’lash yoki zararni davlat foydasiga undirish to’g’risidagi, shuningdek bolani olib qo’yish to’g’risidagi ijro hujjatlari bo’yicha qarzdorning turgan joyi haqida ma’lumotlar bo’lmaganda, davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdorga, uning mol-mulki yoki bolaga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi.
Qidiruv harakatlari dastlab ijro hujjatini ijro etish joyida, qarzdorning ma’lum bo’lgan oxirgi yashash joyida yoki uning mol-mulki turgan joyida yoxud undiruvchining yashash joyida olib boriladi.
Qidiruv harakatlari Majburiy ijro byurosi organlari qidiruv xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Qidiruv e’lon qilingan qarzdor shaxs yoki mol-mulk topilmagunga qadar, ijro harakatlari to’xtatib turiladi.
Bunday hollarda ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash qidiruv harakatlarining natijasiga bog’liq, chunki qarzdor shaxs yoki uning mol-mulki topilmagunga qadar ijro hujjati ijrosini ta’minlash imkoniyati bo’lmaydi.
Ijro hujjati talablarini bajarishdan bo’yin tovlab kelayotgan qarzdorlarni topish va ularning mol-mulklarini aniqlash borasida Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv xodimlari tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, o’tgan 2022 yil davomida qidiruvda bo’lgan 576 nafar shaxslarning 267 nafari yoki 47% hamda qidiruvda bo’lgan 890 ta transport vositalarining 738 tasi yoki 83% topilib, qidiruv harakatlari tugatilgan.
Qidiruvdagi qarzdor shaxslarning asosiy qismi qo’shni viloyatlar va Toshkent shahar hududida topilib, ularning javobgarlik masalasi hal qilingan.
Bundan tashqari, qidiruvda bo’lgan 309 nafar shaxslardan 196 tasi yoki 63% O’zbekiston Respublikasi xududidan chetga chiqib ketganligi aniqlangan.
Chet elga chiqib ketgan shaxslarni qidirib topish yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi PQ-4895-son qaroriga asosan Minsk hamda Kishinev Konvensiyalariga muvofiq ahdlashuvchi tomonlar hududida istiqomat qiluvchi shaxslarning manzillari, ish joyi va daromadlarini aniqlash haqida huquqiy yordam berish to’g’risida tegishli organlarga so’rovnomalar yuborilishi ta’minlangan.
Ijro hujjatlari Byuro organlari ish yurituviga kelib tushgunga qadar qadar nizoli masala sudlarda bir necha bor muhokama qilinib, qonuniy to’xtamga kelingan bo’lsada, amaliyotda ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash jarayoniga to’sqinlik qilish va Byuro xodimlariga nisbatan kuch ishlatish holatlari uchrab turibdi.
Achinarlisi, xodimlar faoliyatiga to’sqinlik qilib, kuch ishlatgan shaxslarning ijro harakatlariga aloqasi yo’q, ular ijro hujjatlari bo’yicha taraf ham hisoblanmaydi.
Albatta, bunday salbiy holatlarga prokuratura organlari tomonidan huquqiy baho berilib, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal qilingan.
Hozirda, qidiruv e’lon qilingan qarzdorlar va mol-mulklarni topish borasidagi qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.