Aksariyat mashhurlarga qarab ularga havas qilamiz. Ularda hamma narsa bor, mashhurlik, pul va muxlislar. Ammo ular ham qachonlardir shu mavqega erishish uchun ko’plab qiyinchiliklarga duch kelgani hech kimning xayoliga kelmaydi.
Quyidagi insonlar nochor oilalardan chiqib, o’z iste’dodi va tinimsiz mehnati tufayli mashhurlik va shon-shuhratga erishgan mashhurlardir.
Jet Li
Jet Li Pekinda kambag’al xonadonda dunyoga kelgan. U oiladagi beshinchi farzand edi. Li 2 yoshga kirganida, otasi vafot etgan, onasi esa avtobusda chiptachi bo’lib ishlar edi. Oilada muntazam yetishmovchiliklar hukm surardi. Jet Li 8 yoshga to’lganida, maktabdagi jismoniy tarbiya darsida ushu bilan shug’ullana boshlaydi. U shu sport turiga qiziqishi tufayli bir yarim yildan so’ng maktabni tashlab, Pekin Ushu akademiyasiga o’qishga kiradi.
Go’zal va betakror aktrisa Demi Mur
Demining otasi ularni bo’lajak aktrisa tug’ilmasidanoq tashlab ketadi. Onasi homilador bo’lishiga qaramasdan, ichkilikka ruju qo’yadi. Demining o’gay otasi ham piyonista edi. Ota-ona farzandlariga e’tibor berish o’rniga, tinimsiz ichar, muttasil qarzga botib hayot kechirardi. Demining oilasi nochorlik tufayli u shahardan bu shaharga ko’chib yurardi. Bundan tashqari, Demining ko’zlari tug’ma g’ilay edi. 1980 yilda aktrisaning o’gay otasi o’z joniga qasd qiladi. O’shanda 16 yoshli Demi maktabni tashlab, ishlashga majbur bo’ladi.
Barchamizga tanish bo’lgan komik aktyor Jim Kerri ham shon-shuhratiga osonlikcha erishmagan.
Jim Kerrining otasi ishdan bo’shagach, oila moddiy qiyinchiliklar girdobida qoladi. Bo’lajak aktyor oila boqishga ko’maklashish uchun maktabni tashlab, ishlay boshlaydi. Eng ajablanarlisi, millionlab muxlislar qalbidan joy olgan aktyor bolaligida hech kim bilan gaplashmaydigan, kamgap bola bo’lgan.
Gollivud yulduzi Sara Jessika Parker
Sara ko’p bolali oilada dunyoga kelgan. Uning bolaligidagi hayoti aktrisa ekranda gavdalantirgan kibor honimlarnikiga sira o’xshamasdi. Oilada Sara sakkizinchi farzand edi. Uning ota-onasi nochorgina hayot kechirardi. Shuning uchun oiladagi farzandlar qo’lidan ish keladigan yoshga yetganlaridanoq ishlay boshlashardi. Ko’pincha elektr puli to’lanmaganligi uchun qorong’ida o’tirishganiga qaramay, ona ma’lum miqdorda pul to’lab, kenja qizi Sarani qo’shiq va raqs to’garagiga beradi. Onasining sharofati bilan Sara hozir mashhur aktrisa va prodyuser bo’lib yetishdi.
Butun dunyoga mashhur fransuz aktyori Jerar Depardye
Aktyor oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi o’qishni ham, yozishni ham bilmasdi. Oiladagi moddiy vaziyat o’ta og’ir edi. Jerarning yana besh nafar aka-opalari bor edi. Bo’lajak aktyor yolg’izlikni xush ko’rardi, shuning uchun ham maktabni tashlab, mahalliy tipografiyada harf teruvchi bo’lib ishlay boshlaydi. Depardye tasodifan aktyorlik kurslariga qatnay boshlaydi va aynan shu yerda undagi qobiliyat shakllanadi.
Jeki Chan
Kambag’al oilada tug’ilgan Jeki Channing ota-onasi shu darajada qashshoq ediki, hatto o’z farzandlarini sotmoqchi ham bo’lishgan. Jeki 6 yoshga to’lganida, ota-onasi uni Gonkongdagi maktabda qoldirib, o’zlari Avstraliyaga ishlagani ketadi. Bo’lajak aktyorning maktabdagi o’qituvchisi jahl ustida uning burnini urib sindirganidan so’ng, Jekini sinfdoshlari “katta burun” deb chaqira boshlaydi. U maktabda akrobatika, sharq yakka kurashi va aktyorlik mahoratlaridan saboq olgan.