E’tiboringizga taniqli yozuvchi va ruhshunos Aleksandr Sviyashaning sharhini havola qilamiz, u ommabop bo’lib ketgan bir qancha kitoblar muallifidir. «Boyib ketishingizga nima xalaqit beryapti?” nomli kitobi ham muallifning ana shunday asarlari jumlasiga kiradi. Faqat o’qish bilan cho’ntagingiz o’z-o’zidan to’lib qolmaganidek, buni o’qib chiqsam, boyib ketaman, degan xayolga bormang. Lekin bu o’zingizga va o’z moliyaviy ahvolingizga bir bor nazar tashlashingizga undashi mumkin.
Siz umuman pul haqida o’ylaysizmi? Bu borada mushohada qilib ko’rganmisiz? Boshqacha ifodalaydigan bo’lsam, ruhiy taraqqiyotning qaysi pillapoyasida turibsiz? Har bir insonda u ko’p vaqt ajratadigan asosiy mushohadalar va qiziqishlar doirasi mavjud. Bu ish, oila, biror narsaga ishqibozlik bo’lishi mumkin. Turgan gapki, pul masalasi bu holda ikkinchi o’ringa tushib ketadi. Ko’pincha nimagadir to’lash lozim bo’lib qolgandagina pul to’g’risida eslanadi, bu paytda esa mullajiringni topish ancha qiyin bo’lib qolishi mumkin.
Shu sababli siz faqat ish haqida, ijod, san’at to’g’risida o’ylaydigan bo’lsangiz, sizda pul bo’lmaydi. Barcha insonlar o’z fikrlari dunyosida hayot kechirishadi. Sodda qilib aytadigan bo’lsam, xayollarida nima bo’lsa, hamyonlarida ham o’sha narsa bo’ladi. Agar siz pul haqida o’ylamaydigan bo’lsangiz, uni o’zingizga jalb qila ham olmaysiz.
«Pulni kallada ushlab turish” nima degani? Bu, pul haqida bosh qotirish demakdir. Faqat «men kambag’alman, menda hech qachon pul bo’lmaydi” degan xayollar bilan chalg’imasdan, qulay va yaxshi hayot kechirishingiz uchun qancha pul kerakligi borasida o’ylang. O’ylaganda ham siz baribir hazm qilolmaydigan qandaydir mavhum million dollarlar to’g’risida emas, siz sotib olishingiz zarur bo’lgan aniq narsalar yoki aniq xizmatlar uchun to’lashingiz lozim bo’ladigan pul haqida o’ylang.
Agar siz o’zingiz oldingizga bitta aniq maqsadni belgilab olib, unga erishish borasida tunu-kun o’ylab yursangiz, ushbu maqsadga erishish ehtimoli tezda ortadi.
Buning uchun, masalan, sizda hozir qancha pul borligi va maqsadga erishish uchun qancha ishlash kerakligini har kuni hisoblab borsangiz maqsadga muvofiq bo’ladi. Bu o’rinda faqat ijobiy his-tuyg’ularga ko’proq oshno bo’ling. Qachon siz kerakli mablag’ni jamg’arganingizda hayotingiz qanday yaxshi bo’lib ketishi xususida tez-tez fikr yuriting. Qanday qilib pul topish mumkin va qanday qilsam, o’z niyatlarimga tezroq yetaman, degan o’yda turlicha yo’llarni qidirib ko’ring.
Siz pullarni yaxshi ko’rasiz va buni o’z foydangiz uchun ishlatish qo’lingizdan keladi. Siz ularni huda-behudaga sarf qilib o’tirmaysiz. Pul sizga hayotingizni yanada jozibaliroq qilish uchun kerak. Agar siz o’z qarashlaringizni shu tarzda tashkillashtira olsangiz, pullar sizga kela boshlaydi. Aks holda esa, yo’q.
@biznestrener
loading…