Kashalot yer yuzidagi eng yirik tishli kit bo’lish bilan birga sayyoramizda yashaydigan yirtqichlarning eng ulkani hamdir. 70 yil va undan ortiq umr ko’ruvchi ushbu bahaybat mahluq 4 yildan 20 yilgacha bo’lgan vaqt oralig’ida ko’payadi. Ona kashalot bolasini 10 yil davomida parvarish qiladi.
Xalqaro tabiatni muhofaza qilish uyushmasi allaqachon kashalotlarni yovvoyi tabiatning yo’qolib ketish xavfi ostidagi vakillari ro’yxatiga kiritgan.
So’nggi yillarda kashalotlar sonining dahshatli sur’atlarda kamayib ketishiga faqatgina ularning insonlar tomonidan ovlanishi sabab bo’lmayapti.
Ularning o’zini sohilga chiqarib tashlab, o’z joniga qasd qilishi holatlari yildan-yilga ko’payib borayotganligi olimlar uchun yechimi topilmayotgan jumboq bo’lib qolmoqda.
Yaqinda suitsid qurboni bo’lgan navbatdagi kashalot oshqozonini yorib ko’rgan olimlar hayratdan tong qotib qolishdi. Ular oldida plastik buyumlar chiqindilarining butun boshli ombori turardi.
Ona sayyoramizga qanchalik zarar yetkazayotganini haligacha anglab yetmayotgan insoniyat qadami yetib borgan joy borki xarob qilishda davom etmoqda. Endi esa uning qilmishlari jabrini tortayotgan jonivorlar bepoyon ummonlarga-da sig’may qolmoqda.