Joriy yilning oktyabr oyi quruq va o’rtacha issiq havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi haftasida yog’ingarchiliksiz ob-havo hukmron bo’lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab havo harorati +11…+16 darajagacha bo’lganida tetiklantiruvchi salqinlikni his qilasiz. Kunduzi havo harorati +23…+28 darajagacha, janubning ayrim joylarida +30 darajagacha issiq bo’ladi.
Kelgusida oy oxirigacha respublika bo’ylab havo harorati kechasi +3…+8 dan +10…+15 darajagacha, kunduzi esa +13… +18 dan +23…+28 darajagacha bo’ladi. Qoraqalpog’iston, Xorazm va Navoiy viloyatlari shimolida oyning ikkinchi yarmida kechasi va ertalab -3…0 darajagacha sovuq bo’lishi mumkin. Bu haroratlar oktyabr oyining iqlim normasiga yaqin. Oktyabr oyida birinchi o’n kunlik oxirida, ikkinchi va uchinchi o’n kunlikning ayrim kunlarida yomg’ir yog’ishi kutilmoqda. Iqlimiy me’yorlarga ko’ra, O’zbekiston hududining katta qismida yog’ingarchilik oktyabr oyida 4 kundan 8 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha kuzatiladi.
Yog’ingarchilik asosan yomg’ir ko’rinishida bo’ladi, ammo havoda keskin sovuq kuzatilganda yomg’ir qisqa muddatli qorga aylanishi mumkin. Ko’p yillik o’rtacha tungi havo harorati +6…+11 darajani tashkil qiladi, lekin ko’pincha oktyabr oyida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida birinchi kuzgi sovuq kuzatiladi. Oktyabr oyida kunduzgi harorat odatda +10…+15 dan +23…+28 darajagacha bo’ladi.