O’zbekistonda aprel oyida yog’ingarchilikning sezilarli miqdori yog’adi, aprel yilning eng nam oylaridan biridir. Respublika shimolida, chekka janubida va cho’l hududlarida oy uchun o’rtacha yomg’irli kunlar soni 5 kundan 8 kungacha, tog’larga yaqin joylarda yog’ingarchilik 9-13 kungacha kuzatiladi. Bu haqda O’zgidromet xabar berdi.
Xabarga ko’ra, bu yil aprel oyida o’rtacha havo harorati me’yor atrofida, ba’zi joylarda o’rtacha yillik qiymatlardan biroz ko’p bo’ladi. Aprel oyida yog’ingarchilik kam, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo’lishi kutilmoqda.
Oy quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi. 1 aprel kuni O’zbekistonning barcha hududlari bo’yicha havo kam bulutli bo’ladi, kunduzgi harorat mart oyining oxirgi kunlari kabi +22…+27 daraja atrofida, ya’ni me’yordan +5…+8 darajaga yuqori bo’ladi.
2-7 aprel kunlari respublika bo’yicha beqaror ob-havo bo’lishi kutilmoqda, ba’zi joylarda shamol shiddatli kuchayishi bilan qisqa muddatli, momaqaldiroqli yomg’ir yog’adi. Kunduzgi havo harorati yomg’ir paytida +5…+7 darajaga pasayadi. Aprel oyining birinchi o’n kunligi oxirida asosan yog’ingarchiliksiz ob-havo bo’lishi kutilmoqda va havo harorati yana ko’tarila boshlaydi.
“O’zgidromet” dastlabki prognoziga ko’ra, aprel oyining ikkinchi va uchinchi o’n kunligida harorat kechalari +7…+12 darajadan +12…+17 darajagacha, kunduz kunlari +20…+25 darajadan +27…+32 darajagacha o’zgarib turishi kutilmoqda.