O'zbekiston va Turkiya xalqaro yuk tashuvlari sohasida yangi tizim ishga tushiriladi

O’zbekiston va Turkiya xalqaro yuk tashuvlari sohasida «E-Permit» tizimini ishga tushiradi. Mazkur tizim yuklarni tashish uchun ruxsatnomalarni raqamlashtirishga qaratilgan.

Joriy yilning 31 mart kuni bo’lib o’tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda Turkiyaning transport va infratuzilma vazirligi ruxsatnoma blankalarini elektron (E-permit) ayirboshlash tizimi loyihasini ishga tushirish bo’yicha harakatlarni boshlagan edi.

Shu yilning iyul oyida Xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo’yicha o’zbek-turk qo’shma komissiyaning Toshkentda bo’lib o’tgan yig’ilishida yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar o’rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron (E-permit) ayirboshlash tizimini tadbiq etish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olingandi.

Ushbu elektron tizimni amaliyotga joriy etishning dastlabki bosqichi doirasida O’zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Turkiya tomoni bilan kelishgan holda ilk marotaba E-Permit tizimidan foydalanib sinov avtokarvonini tashkil etdi.

Joriy yilning 6 noyabr kuni O’zbekistondan yo’lga chiqqan avtokarvon 10 noyabr kuni “Sarp” chegara o’tkazish punkti orqali Turkiyaga yetib bordi. Avtokarvon Turkiyaning transport va infratuzilma vazirligi mutasaddilari hamda bojxona ma’muriyati vakillari tomonidan kutib olindi.

Bu kabi zamonaviy raqamli texnologiyalar va so’nggi avlod IT ishlanmalarining sohaga keng joriy etilishi transport operatsiyalarini jadallashtirish va mamlakatlarimiz o’rtasida tovar oqimini ko’paytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

mintrans.uz