27 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to’g’risida” qaror imzoladi.
Qaror bilan, 2006 yil 3 oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan O’zbekiston va Qirg’iziston hukumatlari o’rtasida fuqarolarning o’zaro kelib-ketishlari to’g’risidagi bitimga o’zgartirishlar kiritilmoqda.
Bu o’zgarishlar haqidagi bayonnoma 2023 yil 27 yanvar kuni Mirziyoyevning Bishkekka davlat tashrifi vaqtida imzolangan edi. Unga ko’ra, ikki mamlakat fuqarolari xorijga chiqish pasportisiz, ID-kartani ko’rsatgan holda o’zaro chegarani kesib o’tishi mumkin bo’ladi.
O’zbekiston tomonidan qaror ijrosini ta’minlashga Ichki ishlar vazirligi va DXX Chegara qo’shinlari mas’ul etib belgilandi. Tashqi ishlar vazirligi O’zbekiston Respublikasi tomonidan bu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo’lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilgani haqida Qirg’iziston tomoniga bildirishnoma yuboradi.
Yangi tartib qachondan kuchga kirishi ma’lum emas.
Engillik amaliyotga tatbiq etilgach, fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma’lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.
Bu tartib istalgan transport orqali (samolyot, poezd, avtomobil, avtobus va hk) chegarani kesib o’tishda amal qilishi aytilgan.
Eslatib o’tamiz, bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o’zaro borib-kelish tartibi yo’lga qo’yilmagan edi. Qirg’iziston birinchisi bo’ldi.