Ahmadaliyev-Tapales uchrashuvi qachon o'tkazilishi ma'lum qilindi

Professional boksning birinchi yarim yengil vazn toifasida (55,3 kg) WBA va IBF kamarlari egasi, o’zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev IBF yo’nalishida majburiy da’vogar filippinlik bokschi Marlon Tapalesga qarshi qachon jang o’tkazishi ma’lum bo’ldi.

Ahmadaliyev-Tapales to’qnashuvi 8 aprel kuni AQShning Texas shtati, San-Antonio shahrida bo’lib o’tadi. Kelayotgan haftada jang rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

Ma’lumot o’rnida:

-28 yoshli Murodjon Ahmadaliyev professional boksda umumiy 10 ta jang o’tkazib, to’qnashuvlarning barchasida g’alaba qozongan.

-30 yoshli Tapales esa profboksda 37 marta ringga ko’tarilib, 34 ta g’alaba qayd etgan va 3 ta jangda mag’lubiyat alamini tatib ko’rgan.