O’z egalarining o’limiga sabab bo’lgan zargarlik taqinchoqlari haqidagi hikoyalarga ishonish qiyin, albatta. Sirli hodisalar chindan ham qimmatbaho toshlar bilan bog’liqmi yoki yo’qligi hanuzgacha barchani qiziqtirib kelmoqda.
«Umid» olmosi
Ushbu olmos nafaqat o’zining go’zalligi bilan, balki u bilan bog’liq bo’lgan fojiali hodisalar bilan ham mashhur. Afsonalarga ko’ra, u Jan-Batist Taverne Hindistondan olib kelgan 115 qirotli qimmatbaho toshni arralash yo’li bilan olingan. Bu dunyodagi eng katta havorang olmos hisoblanadi.
Foto: Cosmopolitan
XVII asr o’rtalarida hind ma’budasi Sitadan olmos-qotil o’g’irlangan. Afsonaga ko’ra, uni o’g’irlagan o’g’ri qochib ketmoqchi bo’lganida chaqmoq urgan. Ushbu nodir toshning birinchi egasi Jan-Batist Taverne bo’lib, keyinchalik uni fransuz qiroli Lyudovik XIV ga sotgan. O’shandan buyon olmosga egalik qilgan har bir kishi sirli sharoitda vafot etadi yoki aqldan ozadi. Xazina qidiruvchisi Taverneni itlar galasi talab tashlagan, Lyudovik gangrena kasalligidan vafot etgan. Toshning keyingi egalariga ham ayanchli o’lim bitilgan. Mariya-Antuanette va qirol Lyudovik XVI ning boshi olingan, malika de Lamballni olomon o’lgunicha kaltaklab o’ldirgan. Jak Kole esa o’z joniga qasd qilgan.
Olmos qoldirgan iz qanchalar qonli bo’lishiga qaramay, unga egalik qilishni istaydiganlar ham ko’p bo’lgan. Boylar orasida ushbu toshni abadiy yo’q qilishga harakat qilganlar bo’lgan. Shulardan biri amerikalik millioner Evelin Maklin edi. Ayol ziyofat uyushtirib, mehmonlarga antiqa o’yin taklif etgan. Unga ko’ra devorga yashirilgan olmosni topish kerak edi. Afsuski, uni hech kim topa olmagan va tosh ayolning oilasiga ham baxtsizlik keltirgan. Maklinning o’g’li avtohalokatda, qizi esa me’yoridan ortiq dori qabul qilishdan vafot etgan. Turmush o’rtog’i ham boshqa ayol bilan yashab, so’ngra vafot etgan.
Mashhur zargarlik buyumlari savdogari Genri Uinston ushbu qayg’uli voqealar zanjirini uzishga muvaffaq bo’lgan. U olmosni so’nggi egalaridan sotib olib, Smison institutiga sovg’a qilgan. Endi olmosga hech kim yolg’iz egalik qila olmaydi va shuning bilan uning qonli hikoyasi yakunlangan.
Orlovaning qora olmosi yoki «Braxmaning ko’zi»
Hind ibodatxonasidan o’g’irlangan va bir necha insonlarning o’limiga sabab bo’lgan yana bir qimmatbaho tosh. «Braxmaning ko’zi» deb nomlangan olmos xuddi shu nomdagi ma’budning haykalini xazina qidiruvchilar tomonidan o’g’irlanmaguncha bezatgan. 1932 yilda Amerikaga olib kelgan J.Peris ko’p o’tmay baland bino tomidan o’zini tashlagan. Toshning keyingi egalari malika Nadejda Orlova va Leonila Galitsina-Bariatinski ham o’zini balandlikdan tashlab, joniga qasd qilgan.
Foto: Cosmopolitan
Olmos egalarining fojiali o’limi bir qator mish-mishlarni keltirib chiqargan. «Umid» olmosi hikoyasini yakunlagan Genri Uinston yana toshning yovuz sehrini yo’q qilishni o’z zimmasiga oladi. U olmosni uch qismga bo’lib, eng kattasini platina marjonga solib, boshqa olmoslar bilan to’ldirgan. O’shandan keyin olmosni taqib olgan biror kishi jabrlanmagan. 2006 yil tosh yana yorug’likka qaytdi, uni aktrisa Felisiti Xaffman «Oskar» mukofotida taqdi.
Alfonso XII uzugi
Ushbu uzuk ko’plab dahshatli voqealar sababchisiga aylangan. Ispaniya qiroli Alfonso XII 1875 yilda o’zining yosh rafiqasi malika Mersedesga opal toshli uzuk sovg’a qilgan. Asal oyidan ko’p o’tmay, qiz sil kasaliga chalingan. Kasal vaqtida u homilasidan ayrilgan va keyin o’zi hushiga kelmasidan vafot etgan. Qirol bilan nikohi atigi 6 oy davom etgan malika 18 yoshga to’lganidan ikki kun o’tib vafot etgan. Qayg’uga botgan shoh o’z joniga qasd qilmoqchi ham bo’lgan, ammo uni qutqarib qolishgan.
Foto: Cosmopolitan
Qimmatbaho uzuk qirolning singlisi Alfonsoning singlisi Mariya del Pilarga o’tgan, tez orada u ham vafot etgan. Yo’qotishdan keyin shoh yana turmush qurishga qaror qilgan. Orleanlik Mariya Kristina uchun juft tanlash marosimida qirol unga uzukni sovg’a qilgan. Biroq bo’lajak kelin to’ygacha sil kasaliga chalinib, vafot etgan. Ushbu uzukka nisbatan bo’lgan shubhalar qirol ham 37 yoshida sildan vafot etganidan keyin o’z tasdig’ini topgan.
Mesherskiyning olmos ziraklari
Mesherskiylarning oilasida olmosli ziraklar avloddan avlodga o’tib kelgan va ular bir-biriga mos bo’lmagan juftliklar tomonidan taqilsa, albatta, baxtsizlik bo’ladi, deb o’ylashgan. Uzoq vaqt davomida oilaviy afsona sir bo’lib qolgan, toki knyazlardan biri do’sti Aleksandr Sergeevich Pushkinga bu haqda aytguncha.
Foto: Cosmopolitan
Shoir rafiqasi Natalya Goncharovani juda ham rashk qilar edi. Uni sevadimi yoki aldaganmi, buni bilish uchun hamma narsaga tayyor bo’lgan. Shoir xavfli tajribani amalga oshirish niyatida «haqiqat ziraklari»ni sevgilisiga bergan. Ziraklar ayolni zararlamagan, ammo shoirning o’zi duelda halok bo’lgan.
XX asrning boshlarida ziraklar shahzoda Aleksandr Mesherskiyning xotini Ketringa nasib etdi. Shundan so’ng uning turmush o’rtog’i vafot etgan, jamiyatdagi mavqeyi yo’qoldi, inqilob, so’roq va ta’qiblar yuz berdi. Oxir-oqibat u baxtsizlik keltirgan ziraklarni sotishga qaror qilgan.
«Sansi» olmosi
Tomchi shaklidagi sariq olmos Hindistondan topilgan, keyin uzoq vaqt davomida Sharq hukmdorida, oxir-oqibat Yevropada qolgan. Afsuski, ushbu toshning egalari ham fojiali tarzda o’lim topgan.
Foto: Cosmopolitan
1570 yil tosh de Sansiga o’tdi. Olmosning go’zalligidan hayratga tushgan zodagon uni o’z nomi bilan atagan. Markiza olmosni juda qadrlasa-da, bir kuni, albatta, uni kimgadir berishga qaror qilgan.
Ushbu qarorga nima sabab bo’lgani noma’lum. Olmos Fransiya qiroli Genrix III ga tegishli bo’lib, ko’p o’tmay vafot etdi. Tosh keyingi shohga o’tgan. Genrix IV harbiy sohani qo’llab-quvvatlaydigan hech narsaga ega emasligi uchun olmosni sotishga qaror qilgan. Ammo uni xaridorga yetkazish uchun yuborilgan odam yo’lda vafot etgan. Olmos marhumning oshqozonidan topilgan va saroyda qoldirilgan. Bir necha kundan keyin Genrix IV o’ldirildi.
Keyinchalik olmosga Styuartlar, ulardan so’ng Burbonlar egalik qilgan. Va u har bir kishiga o’lim va baxtsizlik keltiravergan. 1830 yilda Demidov toshning yangi egasiga aylangan va xotiniga taqdim etgan. Bir necha o’limdan so’ng Demidovning avlodlari toshdan qutulishga qaror qilgan va uni sotib yuborgan.