Ota-onalar voyaga yetayotgan farzandiga nimalarni mustaqil bajarishni o’rgatishi kerakligi haqida «Domashniy ochag» nashri ma’lumot berib o’tadi.
Kir kiyimlarni ajratish
Farzandingizga shkafdan kiyimlarni olib, rangi va qanchalik kirlanganiga qarab ajratishni, keyin esa kir yuvadigan mashina ichiga solishni o’rgating. 12-13 yosh bolalar bu vazifani uddalay olishi aniq.
Mablag’ni nazorat qilish
Ota-onalar farzandlariga arzimagan xarajatlarga ham mas’uliyat bilan qarashni o’rgatishi kerak. Bola pul osmondan tushmasligi, uni peshona teri evaziga ishlab topilishini anglashi kerak. Oila uchun kerakli kichik buyum yoki mahsulotlarni xarid qilish uchun bolangizni do’konga yuboring. O’zi mustaqil tanlov qilishi, shu bilan birga,
mablag’ni hisob-kitob asnosida sarflashiga qo’yib bering.
Oddiy taomlarni tayyorlash
Nonushta uchun bo’tqa, tamaddi qilish uchun buterbrod tayyorlash, shuningdek choy damlash qiyin emas, shunday emasmi? Farzandingiz shunday oson yumushlarni o’zi bajara olsin. Do’konga borganda o’zi uchun sevimli bo’lgan taomga kerak bo’ladigan mahsulotlarni sotib olishni eslating.
Uy vazifalarni bajarish
Nazorat qilmagan taqdiringizda ham farzandingiz uy vazifalarini doimiy ravishda bajarishni odat qilsin. Mashqlarni bajarish, she’r yodlash va surat chizishni mustaqil bajarsin. Hamma narsani farzandingiz uchun qilib bersangiz, kelajakda uning qaror qabul qilishi va reja tuzishi qiyin kechishi mumkin. Shu sabab ham yo’l-yo’riq ko’rsatgan taqdiringizda ham bolangiz qilishi kerak bo’lgan vazifani u uchun bajarib bermang.
Kattalar bilan xushmuomala muloqot qilish
O’qituvchi, qo’shnilar, do’stining ota-onasi — umuman farzandingizga nafaqat tengdoshlari balki atrofdagi har bir odamga xushmuomala bo’lishga o’rgating. Shunda o’smir yoshiga yetganda odamlar bilan chiqishishi va muloqotga kirishishi oson bo’ladi.
Favqulodda holatlarda qanday yo’l tutish kerakligi
Turli vaziyatlarda bola politsiya, tez yordam va o’t o’chirish xizmatiga qo’ng’iroq qilishni, zarur bo’lganda birinchi yordam ko’rsatish uchun dori qutichasini topish kerakligini bilishi kerak.
Transport vositasidan foydalanish
Farzandingizga jamoat transportidan foydalanishni, yo’lni xavfsiz kesib o’tishni, telefondagi xaritadan foydalanishni o’rgating.
Minnatdorlik bildirish
Ofitsiant, bog’bon kim bo’lishidan qat’i nazar, hammaga xizmati uchun minnatdorlik bildirishga odatlansin. Ertalab mustaqil uyg’onish ortiqcha qiyinchilik talab qilmaydi. Kerak vaqtda uyg’onish kerakligini bolangizning o’zi bilishi va shunga qarab uyqudan o’z vaqtida turishi muhim sanaladi. Bu mas’uliyatli bo’lishni o’rganishiga hissa qo’shadi.
Uylarni yig’ishtirish
Uy bilan bog’liq majburiyat bolaga ham uyga ham foyda keltirishi mumkin. Bu mas’uliyatli bo’lish va kerakli ko’nikmalarni o’zlashtirish uchun eng yaxshi usul hisoblanadi.