image0

Hindistonlik milliarder Mukesh Ambani oilasi Osiyoning eng boy 20 ta oilasi ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ro‘yxatga Hindiston, Tailand, Xitoy, Indoneziya, Malayziya va boshqa mamlakatlarning eng boy oilalari kiritilgan. Hindistonning eng yirik sanoat konglomeratlaridan biri bo‘lgan Reliance Industries kompaniyasiga egalik qiluvchi Mukesh Ambani 90,5 milliard dollarlik moliyaviy aktivlari bilan ro‘yxatda birinchi o‘rinni egallagan.

Ikkinchi o‘rinda tailandlik Cheravonot oilasi joylashgan bo‘lib, uning boyligi 42,6 milliard dollarni tashkil etadi, u oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan va Osiyo bo‘ylab telekommunikatsiya biznesiga ega Charoen Pokphand kompaniyasiga rahbarlik qiladi. Uchinchi o‘rinni esa indoneziyalik bankir Xartono olgan. Uning oilasi 42,2 milliard dollarga ega.

Ma’lumot uchun, Hindistondagi milliarderlarning umumiy boyligi so‘nggi 10 yil ichida 3 barobar oshdi va hozirda 905,6 milliard dollarni tashkil etadi. Shveysariyaning eng yirik moliyaviy xoldingi UBS Group ma’lumotlariga ko‘ra, hind milliarderlari soni bu davrda ikki baravar ko‘paygan. Shuningdek, oilaviy biznes Hindistonning iqtisodiy o‘sishida muhim rol o‘ynaydi va mamlakatning iqtisodiy o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, “Bloomberg” ushbu ro‘yxatga yana oltita hind milliarder oilasini qo‘shgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hindistonlik milliarder Gautam Adanini AQSHda firibgarlik va poraxo‘rlikda ayblangani haqida xabar berilgandi.

Mohimbegim Ma’rufaliyeva