Go’jek – O’rta Yer va Egey dengizlari uchrashadigan go’zal port shahridir. U butun dunyodan yaxta ixlosmandlarini jalb qiluvchi oltita yirik porti bilan mashhur. Ko’pgina guletlar (an’anaviy yog’och qayiqlar) uchun Moviy Kruizning boshlang’ich nuqtasi bo’lgan portda, siz butun qayiqni yoki haftalik sayohatlar uchun faqat ma’lum kabinasini ijaraga olishingiz mumkin.
Ko’yjegiz va Fethiening markazida joylashgan Go’jekka Dalaman aeroportidan osongina kirib borish mumkin. Bu xususiyati bilan Go’jek bir kechalik qolish uchun ham mukammal tanlov sanaladi.
O’tmishda Go’jek Kalimche nomi bilan tanilgan va mashhur yunon afsonasiga ko’ra, u Ikarusning quyoshga juda yaqin uchishi natijasida qulagan joyi hisoblangan.
Kichik va shinam shaharchada, piyoda yurish masofasidagi uzoqlikda O’rta Yer dengizi va Egeyning tabiiy go’zalligiga qaragan ko’plab zamonaviy kafe va restoranlar, shuningdek, bir qancha manzarali makonlarni uchratish mumkin.
O’rta Yer dengizi va Egey tutashgan muhtasham manzaralar va joylar…
Letun (Letoon) qadimiy teatri
Letun Kash va Fethie o’rtasida, Ksantosdan taxminan 4 km janubda joylashgan. Letun Likiya mintaqasining muhim diniy markazi ekanligi bilan mashhur. U Likiyaning uchta milliy xudolari – Leto, Apollon va Artemidaga bag’ishlangan. Arxeologik tadqiqotlar davomida u yerdan, ilk nasroniylik davriga oid cherkov xarobalari topilgan.
Tlos
Fethie yaqinidagi Tlos, Likiya hududining eng asosiy diniy markazlaridan biri sifatida mashhur. Tlos tarixi miloddan avvalgi 2000 yilga borib taqaladi. Nekropol (qadimgi sarkofag va qabriston hududi) shahar akropolining qoyali tepalarida joylashgan. Likiyaning yuqori darajada ishlab chiqilgan uy tipidagi qabrlari aynan shu yerda joylashgan. Nekropoldagi shohona qabr Bellerofonga bag’ishlangan.
Kayako’y
Kayako’y 1700 yillardan qolgan kichik tog’ yonbag’rida joylashgan tashlandiq yunoncha uslubdagi uylar va cherkovlardan iborat. Turkiya Respublikasi tashkil etilgandan so’ng 1923 yilda Gretsiya va Turkiya o’rtasida almashinuv shartnomasi imzolandi. Bu kelishuv bilan Levissi nomi bilan ham tanilgan yunon nasroniylarining aksariyati Kayako’yni tark etib, Yunonistonga joylashdilar. Mahalliy aholi tomonidan tashlab ketilgan shahar, birinchi jahon urushidan keyin mahalliy aholiga majburiy safarbarlikni yodga solishga undaydi. Mintaqa, XX asr tarixi mutloq tasvirlangan Lui de Bernieresning mashhur «Qanotsiz qushlar» romanida juda ko’p yoritilgan. Eski shaharning chekkasida nomdor va nisbatan hamyonbop mehmonxonalar mavjud.
Telmessos antik teatri
Qadimgi Likiyaning eng katta shahri Telmessos shahar qoldiqlari zamonaviy Fethie shahri bo’ylab tarqalgan. II asrda qurilgan Rim tipidagi tipik teatr 5000 kishiga mo’ljallangan. 1993 yilda Fethie muzeyi boshqaruvi raisligi vakolati bilan qazilgan. Teatrni ta’mirlash uchun qayta ishlash loyihasi ishga tushirildi. Fethie arxeologiya muzeyida; Likiya, Rim va Usmonli davrlariga oid ko’plab arxeologik topilmalar bilan bir qatorda, ushbu mintaqaga xos etnologik san’at asarlari ham namoyish etiladi.
Ksantos antik teatri
Ksantos antik shahri Fethiening janubi-sharqida, Esen tekisligi ustidagi tepaliklarda joylashgan. Bu yerda 900 dan ortiq qoyatosh qabrlar va bir parcha toshdan yasalgan uy qabrlari joylashgan.
Vodiyning narigi tomonida birinchi go’zallik tanlovlari o’tkazilgan joy sifatida tanilgan Pinara joylashgan. Afrodita ma’budasiga bag’ishlanib qurilgan Pinara, ziyoratgoh bo’lgani sababli muhim ahamiyat kasb etdi.
Gemiler oroli
Gemiler oroli hanuzgacha Likiya xarobalari, jumladan, ba’zi mozaikalar va Vizantiya cherkovlarining qoldiqlari bilan qoplangan. Bugungi kunda, Nikolay nomi bilan ham yuritiladigan ushbu hudud nasroniylik vujudga kelgan ilk joylardan biridir.