Qozog’istonda o’qituvchilarning kasb bayrami — O’qituvchilar kuni endi 5 oktyabr kuni nishonlanadi. Bu haqda Qozog’iston Respublikasi Hukumati tegishli qaror qabul qildi.
Hukumat rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko’ra, davlat bayramlari ro’yxatiga ko’ra, O’qituvchilar kuni oktyabr oyining birinchi yakshanbasida nishonlanib kelgan. Endilikda bu bayram 5 oktyabr kuni 100 dan ortiq mamlakatlar tomonidan nishonlanadigan Butunjahon o’qituvchilar kuni bilan uyg’unlashtirildi.
O’qituvchilar kuni — ta’lim sohasidagi barcha xodimlar uchun umumiy kasb bayramidir. Shu kuni o’qituvchilar jamoasining jamiyat taraqqiyotidagi o’rni va mehnati, bunga qo’shgan ulkan hissasi nishonlanadi.
Ta’lim-maorif vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, bugungi kunda Qozog’istondagi maktabgacha ta’lim, o’rta, texnik va kasb-hunar ta’lim muassasalarida 556 ming nafar o’qituvchi mehnat qilmoqda.