Isroil arxeologlari bundan ikki ming besh yuz yil avvalgi qadimiy Fors shahrini topdilar. Bu haqda payshanba kuni Isroil qadimiy ashyolar boshqarmasi (IAA) ma’lum qildi, deya xabar beradi Xinhua agentligi.
Isroilning shimolida O’rta yer dengizi sohilidagi hozirgi Nagariya shahri hududida olib borilgan qazishmalar natijasida binolar va ko’chalar, savdo va sanoat hududlari, diniy maqbaralar va yirik omborlar aniqlandi.
Arxeologlarning fikriga ko’ra, uzoq mamlakatlardan qadimgi dengizchilar – finikiyaliklar tomonidan olib kelingan keramika idishlar, ko’zalar, amforalar va boshqa narsalar topilgan.
O’sha davrda Fors imperiyasi bilan Qadimgi Yunoniston o’rtasidagi munosabatlar keskinlashgan bo’lsa-da, shahar aholisi O’rta yer dengizining sharqiy qismida dengiz savdosining markazida turgan finikiyaliklar orqali Yunoniston bilan savdo aloqalarini ushlab turgan.
Tadqiqotchilar, shuningdek, shahar aholisi bir-biri bilan qurilish bo’yicha bilim va tajriba almashganini, texnologiyalarini bo’lishganini aniqladilar.
Arxeologlarning fikricha, shahar madaniyati har tomonlama rivojlangan bo’lgan. Shuningdek, u oddiy fors ma’muriy tizimi va yunon shaharlari madaniyati ta’sirida bo’lgan texnologiyani o’z ichiga olgan.
Misol uchun, sanoat hududida topilgan suyuqlikni qayta ishlash uchun gipsli xona beton qoplama texnologiyasi asosida qurilgan.
Bunday usul forslar davrida keng tarqalmagan, u keyingi davrlarda Yunoniston bilan bo’lgan munosabatlar ta’sirida paydo bo’lgan.