Avstraliyaning Makkuori universiteti olimlari qadimgi Misrda ishlatilgan mumiyalarni saqlashning yana bir usulini kashf etishdi. Unga ko’ra, mumiyalangan jasadlar loyga o’rab chiqilgan.
“PLOS One” jurnalida chop etilgan tadqiqot ma’lumotlari shundan dalolat bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar miloddan avvalgi 1207 yillar – Yangi shohlik davriga oid mumiyani topishgan. Dafn etilgan odam katta ehtimollik bilan 26-35 yoshlardagi ayol ekanligi ta’kidlangan. Dastlab ushbu mumiyani siyosatchi Charlz Nikolson o’z kolleksiyasi uchun sotib olgan, keyin esa Sidney universitetiga sovg’a qilgan.
«Kompyuter tomografiyasi tananing butunlay loy qobiq bilan o’ralganligini ko’rsatdi, bu esa ilgari Misr bilan bog’liq arxeologik yozuvlarida aks ettirilmagan dafn etish texnikasini namoyish etadi», deyiladi tadqiqot natijasida.
Ma’lum bo’lishicha, qobiq mumiyalash paytida paydo bo’lmagan, ammo keyinchalik – tanani saqlab qolish uchun qo’llanilgan.