Misr Turizm va qadimiy ashyolar vazirligi Gizadagi Buyuk Piramidasining asosiy kirish eshigi yaqinida to’qqiz metr uzunlikdagi yashirin yo’lak topilgani haqida ma’lum qildi, deyiladi vazirlik bayonotida.
Qadimgi dunyoning saqlanib qolgan yetti mo»jizasining oxirgisi bo’lgan Xeops piramidasi nomi bilan ham tanilgan Buyuk Giza piramidasi ichidagi kashfiyot Scan Pyramids loyihasi doirasida amalga oshirildi. 2015 yildan buyon ushbu loyihada 3D modellashtirish, endoskoplar, shuningdek invaziv bo’lmagan infraqizil termografiya texnologiyasi qo’llanilib, bu konstruksiya ichiga «qarash» imkonini beradi.
«Piramidani o’rganish chog’ida uzunligi 9 metr va eni 2,1 metr bo’lgan yo’lak aniqlandi, loyiha ustida ish 2015 yildan beri davom etmoqda», — dedi Misr turizm va qadimiy ashyolar vaziri Ahmad Issa.
«Tugallanmagan yo’lak, ehtimol, piramidaning og’irligini yo deyarli 7 metr narida joylashgan asosiy kirish eshigi atrofida yoki hali ochilmagan boshqa xona yoki bo’shliqqa taqsimlash uchun yaratilgan», — dedi Misrning Qadimiy ashyolar oliy kengashi rahbari Mustafo Vaziriy.
«Biz nima qilishimiz mumkinligini ko’rish uchun skanerlashni davom ettiramiz … bu yo’lakning ostida yoki oxirida nimani topishimiz mumkinligini bilish uchun», – dedi u piramida bo’yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida.
Piramidaning boshqa qismidagi qirolning dafn xonasi ustidagi beshta xona massiv strukturaning og’irligini qayta taqsimlash uchun qurilgan deb ishoniladi. Fir’avnning bir nechta dafn xonasi bo’lgan bo’lishi mumkin. Kelgusi oylar bizga bu yo’lak ortida nima borligini aytib beradi, – deya qo’shimcha qildi Vaziriy.
Olimlar radar va ultratovush yordamida yo’lak borligini tasdiqladilar, so’ngra piramida toshlaridagi mayda bo’g’im orqali 6 mm endoskopni kiritish orqali tasvirini olishdi.
Misrlik tarixchi va arxeolog Zaki Xavasning ta’kidlashicha, bu zamonaviy davrdagi Xeops piramidasi bilan bog’liq eng muhim kashfiyotlardan biridir.
Eslatib o’atmiz, Buyuk Piramida monumental qabr sifatida miloddan avvalgi 2560 yilda qurilgan. Fir’avn Xufu yoki Xeops hukmronligi davrida. Balandligi 146 metr bo’lgan Buyuk Piramida 1889 yilda Parijda Eyfel minorasi qurilishidan oldin dunyodagi eng baland sun’iy inshoot bo’lgan.