Orginal va qalbaki mahsulotlarning farqiga ko’pchilik ham boravermaydi. Ba’zi insofini mahsulotiga qo’shib pullayotgan “tadbirkorlar” esa bundan uddaburonlik bilan foydalanib qolishmoqda. Ehtimol tirikchikning aybi yo’q, dersiz. Ammo qimmat brendlar nomidan foydalanayotgani yetmaganday, o’z mahsulotlarini ayni o’sha brendlar narxida sotishlariga ko’z yumib bo’lmaydi.
Birgina “VERSACE” atirini olaylik. Bu qalbaki mahsulotni bir qarashda oson farqlay olasiz, ammo uchiga chiqqan olibsotarlar ko’zingizni shamg’alat qilishi hech gap emas.
Bu yerda birgina nom, atirning qalbaki ekanini aytib turibdi: “VERCAGE”. Ha, bu siz o’ylagan o’sha mashhur brend – “VERSACE” emas. Ammo uning narxini, kerak bo’lsa, orginalidan qimmat belgilay olishadi.
Qalbaki mahsulotlar orasida yana shundaylari ham borki, ular boshqa bir mahsulot nomini o’zlashtirib olganliklarini tan olishmaydi. Yetarlicha bahona topib berishadi. Masalan, tovar nomiga bitta harf bilan o’zgartirish kiritib, xaridorni osongina aldashga muvaffaq bo’lishlari mumkin.
Eslatib o’tamiz, endilikda saytimiz orginal va qalbaki mahsulotlar farqini sizga ochib berishni boshlaydi.