Nikoh shartnomasi bizga kerakmi?

Mamlakatimizda oilalar mustahkamligi, ularda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash barchaning e’tibor markazida. Chunki oilada farovon, bekamu-ko’st va sog’lom muhit bo’lsa, unda sog’lom avlod voyaga yetadi.

Ammo ko’ngilni xira qiladigan ajrim, aliment, mol-mulk bilan bog’liq nizolar ham oilaviy munosabatlar tarkibiga kiradi.

Ayni kundalik hayotimizda har kuni er-xotinlar o’rtasidagi ajrimlar, bolalar uchun undirilayotgan alimentlar, mol-mulkka undiruv qaratish kabi ko’plab muammoli vaziyatlarga duch kelayotganimiz ayanchli holat, albatta.

Bugungi kunda yuz berayotgan oilaviy ajrimlarning aksariyatida mol-mulk sababli o’rtada ko’plab nizolar kelib chiqayapti. Aksar hollarda ayollar va bolalar ko’proq jabrlanib, uysiz, ta’minotsiz qolishmoqda. Ushbu holatlarning oldini olish uchun e’tiborimizni nikoh va nikoh shartnomasiga qaratamiz.

Huquqshunoslar fikriga ko’ra, nikohlanuvchilar nafaqat o’zi, balki farzandlari, ularning kelajagini o’ylab ham nikoh shartnomasi tuzishlari kerakligini ta’kidlaydilar. Qonunchiligimizga ko’ra nikoh shartnomasini tuzish ixtiyoriy hisoblanadi.

2020 yil 14 dekabr kuni Toshkentda «O’zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollar roli» mavzusida bo’lib o’tgan forumda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva nikoh shartnomasini faolroq targ’ib qilishga chaqirdi. Ayollar huquqlarini ta’minlash uchun nikoh shartnomasini ommalashtirish zarurati haqida gapirdi. Unda, so’nggi vaqtlarda ajrashishlar soni ko’payib borayotgani va ajrashganidan so’ng ko’pchilik ayollar hech narsasiz ko’chada qolayotgani, ota-onasining uyiga qaytib borganlari esa bolasi bilan alohida oila sifatida erkin yashay olmayotgani xaqida aytib, nikoh shartnomasini targ’ib qilish kerakligi bo’yicha taklif bildirdi.

Oila kodeksining 29-moddasiga ko’ra, nikoh shartnomasi – er va xotinning nikohda bo’lgan davrida va (yoki) ular nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvidir.

Er va xotin nikoh shartnomasiga ko’ra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o’zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o’rnatishga haqli.

Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo’lg’usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.
Bugun er va xotin nikoh shartnomasini tuzishi maqsadga muvofiqmi?
Gulbahor Qulmatova FXDYo huquqshunosi:

-Nikoh shartnomasi joyida o’rinli qo’llanilgan. Bugun hamma ham nikoh shartnomasini tuzmaydi. Nega? Chunki ko’pchilik yoshlarning shaxsiy mol- mulki yo’q. fuqarolarimiz orasida nikoh shartnomasi haqida salbiy fikrlovchilar ham yo’q emas. Ayrim fuqarolarimiz bu faqat mulkiy manfaatni ko’zlaydiganlar uchun deb o’ylashadi. FHDYoga kelgan yoshlarga nikoh shartnomasi tuzish haqida gaprisak, ularda noto’g’ri tushuncha paydo bo’ladi.

“Nega, men ajralish uchun shartnoma tuzamanmi?”- deyishdi. Ayrimlar esa nikoh shartnomasi bugun juda kerakli kelishuv ekanligini aytishadi. “Nikoh shartnomasi” oila qonunchiligiga kiritilgan yangi tushuncha ekanligi sabab, fuqarolarimiz nikoh shartnomasi va uning ahamiyatli tomonlari haqida yetarli darajada bilimlarga ega emas.

Nikoh shartnomasida har kim o’z tasarrufidagi mulkni o’zi mustaqil boshqarishi mumkinligi ko’rsatiladi. Nikoh bekor qilingan taqdirda har kimning mol-mulki o’zida qolishi va ikkinchi taraf bu mulkni talab qilishga haqli emasligi haqida band kiritilgan. Ushbu ko’chirma nikoh shartnomasining faqatgina ajrim uchun tuzilmasligini anglatadi.

Bir so’z bilan aytganda, nikoh shartnomasi doim sizning mulkiy huquqlaringizni himoya qiladi, qimmatli vaqtingizni, asablaringizni asraydi va oilaviy tushunmovchiliklarning oldini oladi. Ushbu qarorning imzolanishi, fuqarolarimizga nikoh qurish, undan keyingi munosabatlarda haq-huquqlarning poymol bo’lmasligi uchun mustahkam zamindir.

Munojat VALIYEVA, zamon.uz