2001 yilda sodir bo’lgan ushbu hodisa oqibatida ko’plab insonlar monarxiya emas, zamonaviy demokratik respublikalarda istiqomat qilayotgani uchun shukrona keltirgan edi. O’z vaqtida mamlakatlar qirollar, podshoh va sultonlar tomonidan boshqarilgan. Taxtni navbatdagi hukmron egallashi jarayoni esa hech qachon osonlik bilan kechmagan, hattoki zamonaviy davrlarda ham!
Misol uchun Rossiyada podshoh hukumati bolsheviklar tomonidan inqilob usuli bilan ag’darilgan. Nepalda esa monarxiya ko’p yillar davom etgan, qirollik sulolasining yo’q bo’lib ketishi esa dahshatli va qonli hodisa sifatida tarixga kirgan.
Nepal poytaxtining qoq markazida – Katmandu shahrida turistlarni o’ziga jalb qilib keladigan hashamatli qarorgoh joylashgan. U tashqaridan ham, ichkaridan ham o’ta ulug’vor ekani bilan insonlarni hayratga soladi. Bino o’z vaqtida haddan tashqari qattiq qo’riqlangan, chiqish yo’liga ulkan panjaralar o’rnatilgan, qorovullar guruhi bu yerga odam kirmasligi va chiqmasligini ta’minlagan, barcha ehtiyot choralari ko’rib qo’yilgan. Ayni vaqtda mazkur bino ichiga haftada besh kun, soat 11:00dan 15:00ga qadar kirishingiz mumkin. Kirish jarayonida sayyohlarning barcha buyumlari, foto hamda videokameralari, telefonlar shaxsiy buyumlarni saqlash kamerasiga topshiriladi.
Bino modern uslubida yaratilgan bo’lib, ayrim jihatlari bilan sovet vaqtidagi binolarni yodga soladi. Xonalarning hashamatli ko’rinishi, yuqori shiftlar, antikvariat namunalari, monarxlarning ulkan suratlari sayyohlarni o’ziga rom etib qo’yadi.
Bugungi kunda Nepalda qirollik sulolasining biror vakili hayot emas, sababi ularning barchasi dunyodan o’tib ketishgan. Fojia 2001 yilda, aynan mana shu qarorgoh devorlari orasida sodir bo’lgan.
2001 yilning 1 iyun kuni jumaga to’g’ri keldi. Haftaning juma kunlarida Nepal hukmdorlik oilasi an’anaviy kechki taom uchun umumiy xonada yig’ilardilar. Kechki ovqat katta shahzoda Dipendra Bir Bikram Shoh tomonidan tashkillashtirildi. Shahzoda aynan mana shu kuni o’z yaqinlarini o’ldirish niyatida bo’lgan. Valiahd saroyga mast holatda kirib keldi. U o’z harakatlari uchun javob bera olmaydigan holatda edi.
Kechki ovqat vaqtida shahzoda ota-onasi bilan urushib qoldi, ular o’g’illlariga ikkinchi marta Nepalning zodagon oilalaridan birining vakilasi bo’lgan qizga uylanishga ruxsat berishmadi. Ular shahzoda uchun ikkinchi rafiqa sifatida qirollik oilasining a’zosi sanalgan Supriya Shohni tanlagan edilar.Ushbu nikohga shahzodaning onasi bosh-qosh bo’lmoqchi edi. Uning aytishicha, agar boshqa qizga uylanadigan bo’lsa shahzoda taxtdan ham, tojdan ham quruq qolardi.
Shahzoda bu fikrga ko’nmadi, avvaliga shunchaki gap talashgan bo’lsa, keyin spirtli ichimliklar ta’sirida qo’liga qurol oldi. Mast shahzoda kechki taomga yig’ilgan barcha aka-ukalari, singillari, otasi va onasini otib tashladi. Umumiy hisobda 12 nafar odam halok bo’ldi.
Nimalar qilib qo’yganini tushuna boshlagan shahzoda o’zini ham otishga qaror qildi, tirik qolgan bo’lsa-da, nogironlar aravachasiga mixlandi. Kasalxonaga olib kelganlaridan keyin 2 kun o’tib yorug’ olamni tark etdi. Mamlakatda ommaviy tartibsizliklar boshlandi.
Oqibatda parlament o’lkada monarxiyani tugatish fikriga keldi va Nepal demokratik respublika deya e’lon qilindi.