Miya — inson tanasidagi eng noyob va kam tadqiq etilgan organlardan biri. U bir paytning o’zida ko’plab murakkab funksiyalarni bajarishga qodir.
Afsuski, vaqt o’tgan sari inson tanasining boshqa organlari kabi miya ham tabiiy ravishda qariydi. Biroq bugun hayotimizda uchrayotgan ko’plab salbiy omillar ta’siri tufayli inson miyasi tezroq «keksayayotgandek»…
“eLife” nashrining xabar berishicha, miya o’z “yoshligi”ni, samarali ishlashini saqlab turish uchun ulkan sa’y-harakat yoki qimmat dorilar shart emas. Buning uchun muntazam jismoniy mashg’ulotlar bilan shug’ullanish va ovqtalanishga to’g’ri yondashishning o’zi kifoya. Xususan, isroillik olimlar O’rta Yer dengizi yashil parhezini tekshirib, uning samaradorligini isbotladi. Bu haqda Sog’liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ben-Gurion universiteti mutaxassislari bir yarim yildan ziyod vaqt davomida 300 nafar kishini kuzatib borgan. Ularning 102 nafari semizlikdan aziyat chekkan.
Kuzatuv davomida olimlar “miya yoshi”ni hisoblab chiqishdi. Qiziqarlisi, aksariyat hollarda sinovdan o’tayotganlar “miyasining yoshi” ularning shaxsiy hujjatlaridagi yoshidan keskin farq qildi. E’tiborlisi, tajriba doirasida agar inson jigarida yog’ konsentratsiyasi kamaysa, miya yosharishi mumkinligi aniqlandi.
Tabiiyki, bunda parallel ravishda inson vazn yo’qotadi. Shu bilan birga, miya tuzilmasida ajoyib o’zgarishlar ro’y beradi. Ya’ni eksperiment davomida inson tanasining vazni 1 foizga kamayganda, miya yoshi deyarli 9 oyga yoshardi.
“DIRECT-PLUS» tadqiqot guruhi tomonidan O’rta yer dengizi yashil parhezining konsepsiyasi taqdim etildi. Bu parhezda polifenollarning miqdori oshirilib, go’sht esa minimal darajaga kamaytirilgan. Yong’oq, ko’k choy, dengiz mahsulotlari, meva-sabzavotlar hamda baqato’ndan tayyorlangan maxsus yashil ichimlik parhezning asosiy elementlari hisoblanadi.