Zaxi Xavass boshchiligidagi misrlik arxeologlar Luksor (Misrning janubidagi shahar) yaqinidan qum ostiga ko’milib ketgan uch ming yillik shaharni topdi. Bu haqda Misrning Ahram Online gazetasiga tayanib, «Interfaks» xabar berdi.
Shaharga Misrning eng buyuk hukmdorlaridan biri, eramizdan avvalgi 1391—1353 yillarda mamlakatni boshqargan 18-sulolaning to’qqizinchi hukmdori Amenxotep III tomonidan asos solingan.
«Ko’plab chet ellik tadqiqotchilar bu shaharni izladi, lekin topa olmadi», — dedi Xavass.
«Shaharning ba’zi devorlari uch metrgacha yetadi. Biz shaharning g’arbiy tomonga — mashhur Dayr-al-Madinaga qadar cho’zilganini bilamiz», — deb davom etdi Xavass.
Qazishma ishlari 2020 yilning sentyabr oyida boshlangan edi va jamoa turli joylarda tuproqdan yasalgan g’ishtlar topa boshladi. Natijada ular devorlari va xonalari deyarli to’liq saqlanib qolgan, ichi kundalik buyumlari bilan to’ldirilgan shahar binolarini topdi. Unga «yo’qolgan oltin shahar» nomi berildi. Amenxotep III ning muhrlari tushirilgan zargarlik buyumlari, rangli loydan ishlangan idishlar va loydan yasalgan g’ishtlar kabi ko’plab arxeologik topilmalar shaharning tarixiyligini tasdiqladi.
Tarixiy shahar Madinat-habudagi Ramzes III maqbarasi va Memnondagi Amenxotep III maqbarasi orasida joylashgan. Misrlik tadqiqotchilar bu hududda Tutanxamon maqbarasini topish maqsadida ish boshlagan edi, lekin buning o’rniga Misr imperiyasi davriga tegishli eng yirik ma’muriy aholi punktini topdi.