Mask dunyoning eng badavlat insoniga aylangach, Bezosga 2 raqami tushirilgan ulkan haykal va kumush medal yubordi

Tesla aksiyalarining qimmatlashishi tufayli Maskning boyligi 27 sentyabr kuni 3,8 milliard dollarga o’sib, bozor yakunida 203,4 milliardni tashkil etgani to’g’risida xabar berilgandi. Esquire’ning yozishicha, shu munosabat bilan Mask Amazon va Blue Origin rahbari Jeff Bezosga 2 raqami tushirilgan ulkan haykal va kumush medalni yuborgan.

Forbes reytingida ikkinchi pog’onaga tushib qolgan Bezos posilka olganini ma’lum qilmagan. Uning vakili esa jurnalining bu borada so’ragan izohiga javob qaytarmagan.

 

Hozirda Maskning boyligi 200,3 milliard dollarni, Bezosniki esa 193,1 milliard dollarni tashkil etmoqda. Ilon Mask boyligi 200 milliard dollardan oshgan tarixdagi uchinchi insonga aylandi. Birinchi bo’lib, 2020 yilning avgustida Bezosning boyligi ushbu ko’rsatkichga yetgandi, oradan bir yil o’tgach hozirda 176,9 milliard dollar bilan reytingning uchinchi pog’onasidan o’rin olgan LVMH prezidenti Bernar Arnoning boyligi 200 milliard dollardan oshgandi.

 

Ilon Mask Jeff Bezosni birinchi bor 2021 yil yanvarida ortda qoldirib, dunyodagi eng boy insonga aylangan edi. Keyinroq ikkinchi o’ringa, may oyida esa Bloomberg Billionaires Index versiyasiga ko’ra, uchinchi o’ringa tushib qolgandi. Amazon asoschisi ushbu nomni 2017 yildan buyon o’zida saqlab kelayotgandi. 2020 yil boshida Mask eng badavlat insonlar reytingining eng oxirgi pog’onasini egallagandi, ammo bir yil ichida uning boyligi taxminan 150 milliard dollarga oshdi.