Afg’onistonda 2021 yilda 9 nafar jurnalist o’ldirildi, bu esa mamlakatni matbuot xodimlari uchun eng xavfli davlatga aylantirdi. Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining (IFJ) yangi hisobotida ana shunday deyilgan.
Federatsiya 2001 yildan beri 93 nafar afg’on jurnalistining o’limini hujjatlashtirgan.
“Afg’oniston eng yuqori badal to’layotgan mamlakat. Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining Gender masalalari bo’yicha kengashi ayniqsa afg’onistonlik ayol jurnalistlarining ahvolidan xavotirda, ularni va oilalarini himoya qilish uchun sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish kerak, deb hisoblaydi”, – deyiladi federatsiya hisobotida.
O’tgan yili dunyoda jami 47 jurnalist, jumladan, 7 nafar ayol halok bo’lgan, ular maqsadli hujumlar, otishmalar va portlashlar qurboniga aylandi. Ommaviy axborot vositalari xodimlarining o’limi 2020 yilga nisbatan kamaydi, o’shanda 65 nafar jurnalist halok bo’lgan edi.
Biroq Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi 2021 yil ommaviy axborot vositalariga bosim va jurnalistlarga tahdidlar bo’yicha rekord yil bo’lganini ta’kidladi.