Junglilarda 41 yil yashagan vyetnamlik Xo Van Lang odamlar orasiga qaytganidan 8 yil o’tgach jigar saratonidan vafot etdi.
Nashrning ma’lum qilishicha, erkak 6 sentyabrda vafot etgan. Langning otasi 1972 yilda Vyetnamdagi urush vaqtida AQSh samolyotlari ular yashagan qishloqni bombardimon qilgandan keyin rafiqasi va farzandlari halok bo’lgach, 2 yoshli Lang bilan birga o’rmonga qochib ketgan. Shundan keyin Lang umrining 41 yilini o’rmonda o’tkazgan. Ota-bola o’tgan davr ichida urush hamon davom etmoqda, deb o’ylashgan. Bu vaqt ichida Lang haqiqiy Tarzan kabi hayot kechirgan, o’rmonda ov qilish va u yerdagi jonzotlarni yeb kun kechirishni o’rgangan.
Langning otasi butun oilasi halok bo’lgan deb o’ylab yurgan, biroq kunlardan birida uning to’ng’ich o’g’li tirik ekani va uzoq yillardan beri otasi va ukasini izlagayotgani ma’lum bo’lgan. 2013 yilda u otasi va ukasini Kuang Ngay provinsiyasidagi Cha Sin qishlog’i yaqinidan topgan va otasiga tibbiy yordam kerak bo’lgani uchun ularni qishloqqa qaytargan.
Langning otasi unga ayollar borligi haqida umuman so’z ochmagan va u junglilarda yashaganda faqat 5 kishinigina bilgan va ular orasida birorta ayol kishi bo’lmagan. “Vyetnamlik Tarzan” odamlar orasida 8 yil hayot kechirgan va bu vaqt davomida kimsasiz orollarga safarlar uyushtiruvchi kompaniyada ishlagan Alvaro Serezo ismli tadqiqotchi bilan uchrashib qolgan. Ayollar borligi haqida unga aynan Serezo so’zlab bergan. Erkaklar do’st tutinishgan va kunlardan birida Serezo Langdan unga junglilarda omon qolish sirlarini o’rgatishni iltimos qilgan. “U men hayotimda uchratgan eng qiziq va juda muloyim odam edi. Biz junglilarda yurgan kezlarimizda men soatlab qilgan ishni u soniyalarda bajarib qo’yardi”, deb eslagan tadqiqotchi do’stini.
Serezoning fikricha, odamlar orasiga qaytish junglilarda hayot kechirishga ko’nikkan do’stiga salbiy ta’sir ko’rsatgan. U yangi turmushida o’zi uchun noodatiy bo’lgan ovqatlar tanovul qilishiga to’g’ri kelgan va hattoki ba’zida spirtli ichimliklar iste’mol qilgan. “U bizning oramizda boshqa yo’qligidan qayg’udaman. Biroq men uchun uning o’limi – bu ozod bo’lish hamdir, chunki u hayotining oxirgi oylarida qattiq aziyat chekkandi”, deb ta’kidlab o’tgan tadqiqotchi.
gazeta.ru