Istanbulning tarixiy savdo-sotiq markazi bo’lgan “Grand Bazaar” qayta ta’mirlanganidan so’ng 2022 yilda qariyb 40 million kishi tomonidan ziyorat qilindi. Labirintli ichki makonga ega bo’lgan bu ajoyib inshootda to’qimachilikdan antiqa buyumlargacha bo’lgan barcha turdagi mahsulotlar sotiladigan minglab do’konlar mavjud va asrlar davomida xarid qilish manzili bo’lib kelgan. Har kuni minglab ishchilar va xaridorlarning aylanmasi bilan kichik bir shaharga o’xshash yopiq majmua bo’lgan “Buyuk bozor” o’tgan yili qayta ta’mirdan so’ng, tashrif buyuruvchilarni kutib olishni boshladi. Kapali Charshiga tashrif buyuruvchilar soni 2021 yildagi 25,5 milliondan qariyb 56 foizga oshib, 2022 yilda, taxminan, 40 millionga yetdi. Bu ko’rsatkichlar shuni anglatadiki, o’tgan yili “Grand Bazaar”ga kuniga o’rtacha 100.000 kishi tashrif buyurgan.
Bu dunyodagi eng katta yopiq bozorlardan biri bo’lib, 66 ko’cha va 4000 dan ortiq do’konlardan iborat.
Istanbuldagi Nuruosmanie, Merjan va Beyazit o’rtasida joylashgan Grand Bazaar tarixi XV asr o’rtalariga to’g’ri keladi. Istanbulning eng muhim diqqatga sazovor joylaridan biri bo’lgan “Grand Bazaar”ning poydevori 1461 yilda Ayasofyaga daromad keltirish uchun Fotih Sulton Mehmet tomonidan qurilgan inshootlar bilan qo’yilgan. Vaqt o’tishi bilan mintaqaning eng muhim savdo markaziga aylangan Kapali Charshi, butun dunyodan zargarlik buyumlari va qimmatbaho metallar sotiladigan muhim moliyaviy markaz bo’lib xizmat qila boshladi.
Nafaqat eng qadimiy, balki dunyodagi eng yirik savdo markazi sifatida ta’riflangan “Grand Bazaar” turli yong’in va zilzilalardan so’ng mashhur me’morlar, jumladan Sarkis Balyan tomonidan bir necha marta ta’mirlangan. Tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo’lgan Kapali charshi – adabiyot, sayohatnomalar va san’at sohasida muhim o’rin egallagan va dunyodagi eng ko’p tashrif buyuriladigan tarixiy bozorlardan biri sifatida e’tiborni tortishda davom etmoqda.
Yodingizda bo’lsin, Buyuk bozorda xarid qilishning birinchi qoidasi – bu «savdolashish!»
500 yillik tarixiy jarayon davomida qo’shimchalar kiritilgan 2500 ga yaqin ish joyiga ega tarixiy “Grand Bazaar”da gilamdan sumkagacha, to’qimachilik mahsulotlaridan oltin va kumush taqinchoqlargacha, antiqa ashyolardan sopol buyumlargacha son-sanoqsiz mahsulotlarni uchratish mumkin. Bozor hunarmandchiligiga ixtisoslashgan hunarmandlar joylashgan xon (mehmonxona) bo’limida 1200 ga yaqin ish o’rni mavjud. “Grand Bazaar” yozda 08.30-19.30, qishda esa 08.30-19.00 oralig’ida ishlaydi.
Kapali Charshiga tashrif buyurish, Istanbulning tarixiy havosidan nafas olish va uning iqtisodiy dinamikasini kuzatish, bir so’z bilan aytganda, butun Istanbulni bozor orqali ko’rish imkoniyatini beradi. Mukammal buyumni izlash, “Grand Bazaar”ning aylanma ko’chalari va o’tish joylari bo’ylab ajoyib sayr qilish, ko’plab kafe va restoranlar, shuningdek, maftunkor do’konlarni uchratish bilan yakunlanishi mumkin.
“Grand Bazaar”ga tashrif buyurganingizda, bozorda xarid qilishning oltin qoidasini hech qachon unutmang: “Har bir xarid oldidan savdolashing”!