Istanbulning diqqatga sazovor mashhur muzeylari

Ikki qit’ani birlashtirgan Istanbul nafaqat o’zining gavjum sohillari, mazali taomlari, muhtasham ko’priklari, mehmonsevar insonlari, minglab masjidlari, bepoyon manzarali dengizlariyu osmono’par binolari bilan nom qozongan, balki ushbu xashamatli shahar o’zining boy tarixga ega muzeylari bilan ham mashhur turistik shahar hisoblanadi. Quyida siz bilgan va bilmagan, shu bilan birgalikda tengsiz muzeylarni keltirib o’tamiz. Ajab emas, muzey ishtiyoqmandlari bu ziyorat go’shalarini o’zlarining “Borib ko’rishi shart ziyoratgohlar ro’yxati”ga qo’shishar?!

1- Adam Miskevich Muzeyi. Polshalik ozodlikni hirgoya qilgan shoir Adam Miskevich umrining so’nggi yillarini o’tkazgan va 1855 yilda vafot etgan Tarlaboshidagi uyi 1955 yilda shoir vafotining 100 yilligi munosabati bilan Polsha Madaniyat va San’at vazirligi bilan hamkorlikda muzeyga aylantirildi. Muzeyda Miskevich hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar va hujjatlar, shoirning Istanbulda o’tkazgan yillardagi fotosuratlari, Polsha ozodlik kurashiga oid hujjatlar va fotosuratlar o’rin olgan. Binoning past qavatida esa qabri Krakovda ko’milgan Miskevichning ramziy qabri joylashgan.

2- Maryam ona (Ayasofya) muzeyi. Asrlar davomida o’ziga xos arxitekturasi, boy tarixi, diniy ahamiyati va g’ayrioddiy xususiyatlari bilan “vaqtni yenggan” Ayasofya; Istanbuldagi eng katta Sharqiy Rim cherkovi. Dunyodagi eng qadimgi va eng tez qurib bitkazilgan ibodatxona bo’lib, bir joyda uch marta qurilgan. U havoda xuddi osilib turgandek tuyuladigan ko’zni qamashtiruvchi gumbazi, monolit marmar ustunlari va noyob mozaikalari bilan me’morlik tarixining durdonalaridan biridir. Bugungi Ayasofya arxitekturasi xuddi shu joyda avvalgilaridan farqli ravishda o’zgacha yondashuv bilan qurilgan uchinchi binodir. U imperator Yustinian tomonidan Tralles (Aydin) lik Antemios va Miletos (Balat) lik dan Isidoros uchun qurilgan. Uning qurilishi 532 yilda boshlanib, 5 yilda tugallanib, 537 yilda katta tantana bilan ibodat qilish uchun ochilgan. Fatih Sultan Mehmet tomonidan Istanbul fath qilinganidan keyin masjid sifatida qayta tashkil etilgan. Usmoniy me’moriy elementlari qo’shilishi bilan o’z mavjudligini saqlab qildi hamda 1935 yilda muzeyga aylandi. “Imperator darvozasi”, “Chiroyli darvoza” va “Marmar darvoza” nomlari bilan mashhur bo’lgan Ayasofyada jami 104 ta ustun mavjud bo’lib, ularning bir qismi qadimiy shaharlardan olib kelingan. Imperatorlar toj kiygan «Omfalion» bo’limi ham xuddi shu ustunlar kabi marmardan yasalganligi bilan ajralib turadi.

3- Buyuk Saroy Mozaika muzeyi. Sharqiy Rim Buyuk Saroyiga tegishli monastir hovlisining shimoli-sharqiy qismida 1935 yilda boshlangan qazishmalarda topilgan mozaikalar ham san’at, ham ko’rinish jihatidan boyligi bilan ajralib turadi. Buyuk Saroy Mozaikalari muzeyida namoyish etilgan asarlar milodiy 450-550 yillarga tegishli bo’lsada, mozaika mavzulari diniy mazmunga ega emas. O’z davrining yetuk ustalari rahbarligida ko’plab usta rassomlar kundalik hayotdan, tabiatdan, mifologiyadan olgan tasvirlarni mozaikalarda aks ettirgan. Muzey Arasta bozorining ichida, Sultanahmet masjidi kompleksida joylashgan.

4- Fethie muzeyi. Pammakaristos cherkovi 1261 yilda Lotin hukmronligi tugaganidan keyin eski cherkov xarobalari ustiga qayta qurilgan va cherkovning shimoliy qismidagi bo’lim Ona Maryamga bag’ishlangan. 1292-1294 yillar oralig’ida Sharqiy Rim imperatori Maykl Palailogos VIII ning jiyani Maykl Glabas Dukas Tarkainotes tomonidan 1315 yilda rafiqasi Mariyaning ko’rsatmalari bilan qayta tiklangan binoga qo’shimcha ravishda, Iso (A.S.) ga bag’ishlangan «parekklesion», ya’ni kichik qo’shimcha cherkov qurilgan. Dafn marosimi bo’lgan bu qo’shimcha cherkov Mariya va Mayklning qabrlarini o’z ichiga oladi. Bino istilodan keyin ayollar monastiri sifatida ishlatilgan, 1455 yilda Havarium cherkovidan olib tashlangan Patriarxat bu yerga ko’chirilgan va 1586 yilgacha Patriarxat sifatida ishlatilgan. Usmoniy Turklar davrida Sulton Murod III (1574–1595) cherkovni masjidga aylantirib, uni Fethie deb atagan. Bino 1845-1846 yillarda butkul ta’mirlandi.

5- Galata Mavlevihane muzeyi. 1975 yilda muzey sifatida ochilgan Galata Mavlevihane muzeyi o’z davri madaniyati va san’atini aks ettirgan muassasalardan biridir. U 1491 yilda Sulton Boyazid II davrida hokim bo’lgan Iskandar poshoga oid “ovchilik fermasi”da qurilgan. Uning birinchi shayxi Mehmed Semo-i Chalabiy edi. Mavlevihane Sulton. Mustafo davrida (1766) yong’inga uchragan bo’lsada, bugungi kungacha saqlanib qolgan Mavlevihane o’sha sulton davrida qurilgan. Bino keyingi yillarda Sulton Selim III, Mahmud II va Abdulmejid davrida ta’mirlangan. Majmua sifatida qurilgan Mavlevihane – samoxona, darvesh hujralari, shayxlik va sulton xonasi, ayollar bo’limi, kutubxona, xalq favvorasi, oshxona, qabrlar va xazinaxonadan iborat.

6- “Qabrlar muzeyi”. Istanbulning turli tumanlarida joylashgan 117 maqbara “Istanbul Qabrlar Muzeyi Boshqarmasi”ga biriktirilgan. Ular orasida sahobalar, ulamolar, Istanbulda dafn etilgan barcha Usmoniy Turklar Imperiyasi sultonlari, podshohlari, qo’mondonlari, sadrazamlari, harbiy posholarning qabrlari bor. Boshqarmaga qarashli qabrlarning ko’pchiligi Usmoniy Turklar Imperiyasining bosh arxitektorlari yoki o’z davrining eng yetuk me’morlari tomonidan qurilgan. Istanbul Qabrlar muzeyi inventarida qiymati yuqori bo’lgan minglab tarixiy o’ziga xos asarlar, jumladan, Ka’ba qoplamasi, Qur’oni Karimlar, Usmoniy sultonlarining qo’lda ishlangan xattotlik lavhalari, jamiyatning ma’naviyat peshvolariga oid buyumlar, ro’yxatga olingan muqaddas yodgorliklar saqlanadi.

7- Islom ilm-fan va texnologiya muzeyi. Ushbu muzey Istanbulning Gulhane bog’ida, aniqrog’i saroy devori yonidagi “Has Ahirlar” binosida joylashgan. Usmoniylar davrida sulton va uning yaqin xizmatkorlarining otlari saqlanadigan otxonalar “Has Ahir“ (Istabli amire) deb atalgan. Islom fanlari tarixchisi professor – Fuat Sezgin tomonidan tayyorlangan va 2008 yilda ochilgan muzey 3500 kvadrat metr ko’rgazma maydoni va jami 570 asbob kolleksiyasi, qurilma nusxalari, maket va modellari jamlanmasi bilan Turkiyada o’z sohasida birinchi va Frankfurtdan keyin dunyoda ikkinchi o’rinda turadi. Ikki qavatli muzeyning yuqori qavatida o’ziga xos “kino zali” joylashgan bo’lib, u yerda muzey haqidagi vizual materiallarni tomosha qilishingiz mumkin, shuningdek, astronomiya, soat texnologiyasi, dengizchilik, urush texnologiyasi va tibbiyot bo’limlari ham mavjud. Pastki qavatda bo’lsa, konchilik, fizika, matematika-geometriya, shaharsozlik va arxitektura, optika, kimyo va geografiyaga oid xarita va chizmalar namoyish etilgan bo’limlar mavjud. Muzey bog’ida IX asrda xalifa Al-Ma’mun tomonidan tuzilgan jahon xaritasining nusxasi bo’lgan globus hamda Ibn Sinoning “Al-qonun fit tibb” kitobining ikkinchi jildida tilga olingan 26 ta dorivor o’simliklarning bari mavjud bo’lgan, 2013 yilda ochilgan Ibn Sino botanika bog’i joylashgan.

Umid qilamizki, sarguzasht ishtiyoqmandlari Istanbulga tashriflaridan oldin yuqorida zikr etilgan muzeylarni o’zlarining “Ko’rish shart bo’lgan ziyoratgohlar” ro’yxatiga qo’shgan holda, albatta, ushbu muzeylarni ziyorat qiladilar!