Istanbul afsonalari: Bosfor, Qiz minorasi, Dolmaboxche saroyi…

Istanbul — ikki qit’ada joylashgan dunyodagi yagona shaharligi, madaniy yodgorliklarga boyligi, xushmanzara sohillari bilan mashhur. Uning tarixi uzoq o’tmishga borib taqaladigan qal’alari, muhtasham saroylari go’zalligidan nafaqat quruqlikda balki suvda sayohat qilib ham bahramand bo’lish mumkin.
Istanbulning yana bir mo»jizalaridan biri bu, Osiyo va Yevropaning dengiz chegarasi bo’lmish Bosfordir. Aynan Bosforda kemada suzib, Istanbulning quruqlikda ko’z ilg’amaydigan go’zalligini ko’proq va kengroq ko’rish mumkin.

Istanbul afsonalari: Bosfor, Qiz minorasi, Dolmaboxche saroyi…

Qurilishiga 14 tonna oltin ishlatilgan Dolmaboxche saroyi

Bosfor suvlaridan yanada muhtasham ko’rinadigan diqqatga sazovor joylardan biri bu Dolmabaxche saroyi hisoblanadi. Bugungi kunda saroy joylashgan hudud XVII asrga qadar ko’rfaz bo’lib, undan tabiiy dengiz porti sifatida foydalanilgan. XV asrda Konstantinopolning qamali davrida Sulton Mehmet II suvdan kemalarni ko’tarib, quruqlikdan Oltin shox ko’rfazi tomonga olib chiqargan, deyishadi. Dolmabaxche Osiyo va Yevropa me’morchiligini o’zida mujassam etgan, o’ziga xos me’moriy uslubda qurilgan bo’lib, 1843-1856 yillarda qurib bitkazilgan.
Loyiha muallifi sulton Abdulmajedning me’morlaridan biri Karapet Balyan.
Maydoni 250.000 m2 bo’lgan Bosfor bo’g’ozi qirg’oqlarida qad rostlagan saroy Usmoniy sultonlarga ma’qul bo’lib, sekin-asta Topqopi saroyidan Dolmabaxchega ko’chib o’tishgan. Uch qavatli saroyning 285 xonasi va 43 ta zali mavjud bo’lib, katta mehmonxonasi 56 ta ustun va 750 ta chiroqlar bilan bezatilgan, saroyning bogem shishasidan yasalgan 4,5 tonnalik qandilini Angliya qirolichasi Viktoriya tuhfa qilgan. Dolmaboxche saroyining billur zinalari va boshqa jihozlari uchun 14 tonna oltin ishlatilgan. Saroyning ichki jihozlari: gilamlar, pardalar, mebellar bugungi kungacha butunligicha saqangan. Dunyo saroylarining eng katta banket zali ham Dolmabaxcheda.
1856 yildan boshlab saroyda 6 nafar hukmdor: Sulton Abdulmajid, Sulton Abdulaziz, Sulton Murod V, Sulton Abdulhamid II, Sulton Mehmed Reshad V, Sulton Mehmed Vohiddin VI va so’nggi Halifa Abdulmejidlar yashagan.

Qiz minorasi

Istanbul afsonalari: Bosfor, Qiz minorasi, Dolmaboxche saroyi…

Bosfor bo’g’ozidagi kichik orolida joylashgan Qiz minorasi Istanbul ramzlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu minora haqida turli afosonlar mavjud bo’lib, ulardan biriga ko’ra, eramizdan avvalgi 411 yilda Afina va Sparta o’rtasidagi janglaridan so’ng, Bosfor bo’g’ozida soliqlar va bojxona nazoratini o’rnatish uchun qurilgan. Boshqa rivoyatga ko’ra, imperator Konstantin davrida mudofaa minorasi sifatida qurilgan. 1453 yili Konstantinopol fath etilganidan so’ng ham minoraga zarar yetmagan.
Yana bir rivoyatga ko’ra, tutqundagi sevgilisini ko’rgani har kuni bo’g’ozni suzib o’tadigan yigit, bir kuni mayoq o’chirib qo’yilgani uchun yo’l topolmay dengizga cho’kib ketadi. To’lqinlar uning jasadini qal’a qirg’og’iga olib kelib tashlaydi. Buni ko’rgan qiz minoraga chiqib o’zini tashlaydi va u ham cho’kib ketadi.
Usmoniylar davrida qal’a mayoq sifatida, ma’lum muddat esa qamoqxona vazifasini ham o’tagan. Keyinchalik minora karantin izolyatori, radiostansiya sifatida ham ishlatilgan. Hozirda minorada kafe va restoranlar faoliyat yuritadi. Minoradan ikki qit’ada joylashgan Istanbul kaftdek namoyon bo’lishi bilan ham sayyohlarni o’ziga jalb qiladi.

Bosfor ko’prigi

Istanbul afsonalari: Bosfor, Qiz minorasi, Dolmaboxche saroyi…

Hozirda “15 iyul shahidlari ko’prigi” deb nomlangan Bosfor ko’prigi Bosfor bo’g’ozi ustida qurilgan ilk osma ko’prikdir. U Istanbulning Osiyo va Yevropa qismini birlashtirib turadi. Ko’prikning uzunligi 1560 metr bo’lib, eni 33 metr. Ko’prikda piyodalar yurishi ta’qiqlangan, faqat avtomobilda harakatlanishga ruxsat berilgan.

O’rtako’y jome masjidi

Istanbul afsonalari: Bosfor, Qiz minorasi, Dolmaboxche saroyi…

O’rtako’y jome masjidi Istanbuldagi eng qadimiy masjid emas lekin bejirmiligi, Bosfor sohilida, ko’prik yonida joylashuvi sabab sayyohlarni jalb etadi. Masjid Sulton Abdul-Majid I topshirig’iga ko’ra 1853-1854 yillardan qurib bitkazilgan.

Istanbulga borsangiz, albatta, Bosfor bo’g’ozini kemada sayr eting. Sohilbo’yidagi tarixiy inshootlar, betakror tabiat manzarasi, taptortmas chag’alaylar sizga bir umrga yetgulik taassurot hadya etishi aniq

Dilfuza Sobirova