Ilon Mask Saturday Night Live shousining reklama roliklarida qora bandanada paydo bo'ldi. Foydalanuvchilar biznesmenni niqob taqmagani uchun tanqid qilmoqda

Birinchi rolikda Ilon Mask 8 may kuni Mayli Sayrus bilan shou o’tkazishini aytib, bu yerda nima qilayotganini bilmasligini tan olgan. «Yana shu holat. Qoidalar? Yo’q, rahmat», — deya unga qo’shiladi qo’shiqchi. Biroq SNL’ning doimiy aktrisasi Sesili Strong taklif etilgan boshlovchilarga shanba — Onalar kuni ekanligi va dasturga ularning onalari ham tashrif buyurishini eslatib qo’ygan.

Ikkinchi rolikda Sayrus Mask va Strongdan ushbu hafta qanday o’tganini so’ragan. Milliarder raketalarni muvaffaqiyatli sinovdan o’tkazganini aytgan bo’lsa, Strong kiyimlarini yuvganini ma’lum qilgan.

Ikkala rolikda ham Ilon Maskning hamboshlovchisi Mayli Sayrus va SNL’ning doimiy aktrisasi Sesili Strong niqobda, biznesmen esa bandanada ko’rinish bergan. Twitter foydalanuvchilari bandana chiroyli ko’rinishini, biroq u koronavirusdan yaxshi himoyalamasligini yozmoqda. Ular Maskni aktyorlar va suratga olish guruhining xavfsizligi haqida o’ylamayotganlikda ayblagan. Biroq eng e’tiborli foydalanuvchilar Maskning quloqlaridagi bog’ichlarni payqab qolgan.

Saturday Night Live — 1975 yildan buyon NBC telekanali orqali efirga uzatilib kelinayotgan musiqiy-ko’ngilochar ko’rsatuv. Sketchlarda muntazam mashhur yulduzlar va dastur aktyorlari suratga tushadi. Shouda ko’pincha amerikalik va dunyodagi yetakchi siyosatchilarga parodiyalarni ko’rish mumkin.