Ichki sezgi

Avvallari insonda ichki tuyg’u bo’ladi, de­yishsa, ishonmasdim. Sababi, men realistman.

Bu voqea bir yil avval sodir bo’lgandi. O’shanda tog’am bilan ketayotgandim. Tog’am yuk mashinasi haydovchisi. O’shanda tog’amning nav­batdagi safariga sheriklik qilgandim. Yoshim 19 da edi. Uzundan-uzun yo’lda ketardik. Oldimizda boshqa bir yuk mashinasi ham ketardi. Oldimizdagi yuk mashinasi armaturalarni olib ketardi. Armaturalar uzun bo’lib, mashinadan 2 metrlar tashqariga chiqib turardi.

Bir payt kutilmaganda oldimizdagi yuk mashinasini YPX xodimi to’xtatib qoldi. Biz uning chap tarafida harakatlanayotgandik. Ana shu to’xtash orasida bir voqea sodir bo’ldiki, uni hali-hamon unutayolganim yo’q.

Xullas, YPX xodimi oldimizdagi mashinani to’xtatib qoldi. Tog’am to’xtashga ulgurmay qoldi. Ana shu payt men o’zimni g’alati his eta boshladim. Ko’zlarim yanada yaxshi ko’ra boshlaganday bo’ldi. Mashina eshigidagi oynadan orqani tomosha qilib ketayotgandim. Shu payt kutilmaganda qo’limdagi stakan tushib ketdi va men uni olish uchun egildim. Egilgan vaqtim oldimizdagi yuk mashinasidagi armaturalar men o’tirgan tarafning oynasini sindirib, mashina kabinasidan o’tib, orqa tarafdagi oynani ham sindirib o’tdi. Yaxshiyam qish bo’lgan ekan. Oyna siniqlaridan meni qalin kiyimlarim saqlab qoldi.

Eng dahshatlisi, o’shanda tushib ketgan stakanni olish uchun egilmaganimda nima bo’lishini tasavvur qilishga ham qo’rqaman.

AKMAL