Qizim 12 yoshga kirdi, negadir tez charchaydi, erta yotsa ham, ertalab uyg’onishi qiyin, uxlagisi keladi, bo’shashib yuradi. Oilaviy shiforimizga ko’rsatdim, u endokrinologga ko’rinishga yo’llanma berdi. Shu bilan birga, quvvatlantiradigan, grechkali ajoyib vositani ham o’rgatdi.
Grechka yormasi vitaminlarga boy, ham arzon, doim topiladigan mahsulot, deyarli allergiya qo’zg’amaydi. 1 stakan yorma (blenderda kukun holiga keltiriladi, do’kondan tayyorini olmaslikni tavsiya qilgan bo’lardim), 1 stakan yong’oq, 1 stakan suyuqroq asal aralashtiriladi. Aralashma muzlatkichda saqlanadi.
Shu vosita har kuni 1 osh qoshiqdan 3 mahal ovqatlanishdan oldin 1 oy davomida qabul qilinadi. Endokrinolog tayinlagan muolajalarni qilish bilan birga, qizimga grechkali tabiiy vositani berdim, rostdan ancha quvvatlanib qoldi, kayfiyati yaxshi. Fanlarni o’zlashtirishi ham ancha yuqoriladi.
Bu vositani profilaktika maqsadida o’zim ham, turmush o’rtog’im ham qabul qildik. Mening yuragimda ozgina muammo bo’lgani uchun aralashmaga mayiz (turshak qo’shishi ham mumkin) qo’shdim. O’zim haftada bir marta yengil ovqatlandim: bir osh qoshiq grechkali aralashmani yedim, shu kuni boshqa hech narsa iste’mol qilmadim. Kun davomida faqat suv ichdim. Shu tariqa yengil ovqatlanishni 6 hafta davom ettirdim. Bir oydan keyin muolajani yana taqrorladim. To’g’risi, qizimni davolataman deb o’zim ham salomatligimni tiklab olganimdan juda xursandman.