Ushbu maqsadga erishish uchun G7 rahbarlari kelgusi yilda boshqa mamlakatlarga milliard dozada koronavirusga qarshi vaksina yetkazib berishga kelishib oldi.
«2022 yilda pandemiyaga barham berish uchun dunyo aholisining kamida 60 foizini emlash zarurligini anglagan holda, biz insonlar hayotini saqlab qolish uchun o’z harakatlarimizni kuchaytirmoqdamiz», — deyiladi hujjatda.
Germaniya kansleri Angela Merkelning aniqlik kiritishicha, G7 davlatlari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun 2022 yil oxiriga qadar 2,3 milliard dozada koronavirusga qarshi vaksinalarni ajratadi. Merkelning so’zlariga ko’ra, bu ishga Germaniya ham katta hissa qo’shib, «350 million doza vaksina yuborishni o’z zimmasiga oladi».
Kansler vaksina ishlab chiqarish nafaqat Yevropa yoki Osiyoda, balki Afrikada ham global bo’lishi kerakligini ta’kidladi. Uning so’zlariga ko’ra, Germaniyaning BioNTech kompaniyasi bu yo’nalishda boshqa kompaniyalar singari faol ish olib bormoqda.
Hujjatda G7 rahbarlari, shuningdek, Rossiya bilan «barqaror va oldindan aytib bo’ladigan» munosabatlarga qiziqish bildirdi hamda Rossiya rasmiylarini «beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlar»ni to’xtatishga, o’z hududida kimyoviy qurol qo’llanilishi yuzasidan tekshiruv olib borishga, fuqarolik jamiyatiga qarshi repressiyalarni to’xtatish va xakerlik guruhlarini javobgarlikka tortishga chaqirdi.
Hujjatda, shuningdek, G7 rahbarlari quyidagilarga kelishib oldi:
2050 yilga kelib o’z mamlakatlarida uglerod chiqindilarini nol darajagacha kamaytirish;
Xitoyni, ayniqsa Shinjon-Uyg’ur avtonom viloyati va Gonkongda inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirish;
Olimpiya va Paralimpiya o’yinlarini Tokioda o’tkazilishini qo’llab-quvvatlash.
G7 sammiti 11—13 iyun kunlari Angliyaning janubi-g’arbiy qismida joylashgan Karbis-Bey kurort shaharchasida bo’lib o’tdi. G7 mamlakatlari rahbarlari ikki yil ichida birinchi marta yuzma-yuz uchrashdi, chunki pandemiya sababli sammit o’tgan yili bekor qilingan edi.