Fransiyaning Montagne et Neige Développement kompaniyasi Chimyonda gondol va mayatnik tipidagi osma yo’llar, 11 ta tog’-chang’i yo’laklari, yozgi va qishki attraksionlar, shuningdek, 6 ming sayyohga mo’ljallangan mehmonxona va kottejlardan iborat umummavsumiy dam olish maskani qurish bo’yicha tenderda g’olib chiqdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
«Bildirsoy — Chimyon — Nanay» xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va undan foydalanish bo’yicha loyiha ofisi» davlat unitar korxonasi tomonidan e’lon qilingan Fransiya g’aznachiligi ishtirokidagi «Chimyon turistik zonasini qurish» loyihasi doirasida «Chimyon» umummavsumiy oromgohi ob’yektlarini loyihalash, tadqiq qilish, qurish, jihozlarni yetkazib berish va o’rnatish, sozlash-ishga tushirish ishlarini olib borish yuzasidan 1−6-sonli lotlar bo’yicha ochiq tanlov yakuniga yetkazildi.
Fransiyaning Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi tanlov g’olibi deb topildi.
MND — tog’li hududlarda loyihalarni amalga oshirish bo’yicha yetakchi sanoat guruhlaridan biri bo’lib, bosh qarorgohi Fransiya janubidagi Savoya departamentining Sen-Helene-dyu-Lak shahrida joylashgan. Guruh 2004 yildan buyon dunyoning 49 davlatida faoliyat yuritib kelmoqda. MND tog’li joylarda turizm sohasida umummavsumiy loyihalarni amalga oshirish hamda osma yo’llaridan shaharlarda, sanoat ob’yektlarida va maishiy maqsadlarda foydalanish bo’yicha keng ko’lamli xizmatlar ko’rsatishda jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, kompaniya Kurchevel, Chamonix-Mon-Blank, Rosa Xutor, Bosko Gurin, Moleson, Narvik va boshqalar kabi butun dunyo bo’ylab 1500 dan ortiq loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan.
Chimyondagi loyihani amalga oshirish natijasida mamlakat aholisiga ham, xorijlik mehmonlarga ham ochiq havoda hordiq chiqarishning har xil turlarini taklif etadigan xalqaro darajadagi umummavsumiy majmuasi tashkil etiladi.
Loyiha doirasida dam oluvchilarni 2515 metr balandlikka ko’tariladigan gondol tipidagi 10 kishilik asosiy osma yo’li (maksimal quvvati — 2000 kishi/soat) va 3309 metr balandlikka chiqadigan mayatnik tipidagi 80 kishilik oraliq osma yo’li (maksimal sig’imi — 800 kishi/soat) quriladi. Kurort bunday inshootlarga ega bo’lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland nuqtaga aylanadi.
Shuningdek, unda XXL Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, Tubing, Via ferrata kabi 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar tashkil etiladi, umumiy uzunligi 20 km dan ortiq bo’lgan turli darajadagi 11 ta chang’i uchish joylari, 6000 nafar turistga mo’ljallangan mehmonxona majmualari va kottejlar quriladi.
Ushbu yirik tashabbusdan ko’zlangan maqsad xalqaro miqyosdagi umummavsumiy kurort, sayyohlik joylari va turli ko’ngilochar attraksionlar hamda osma yo’llarga ega yangi turistik majmualarni qurish orqali hududning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish, Toshkent viloyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, O’zbekistonning tog’li hududlarida ommaviy sportni rag’batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish va yangi ish o’rinlari tashkil qilishdir.
Mehmonxona majmualari va kottejlarni qurishni tashkil qilish yer uchastkalarini turli lotlarga bo’lish (tasdiqlangan dizayn-kodi bilan) va yaqin kelajakda qiziqqan investorlarga sotish uchun E-Ijro auksion elektron savdo maydonchasida joylashtirish orqali amalga oshirish ko’zda tutilgan.