FAO: Dekabr oyida global oziq-ovqat narxlari tushib ketdi

Dunyodagi oziq-ovqat narxlari indeksi dekabr oyida 1,5 foizga kamaydi, xalqaro shakar narxlari kotirovkalarida esa keskin pasayish kuzatildi. Bu haqda Jahon oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) xabar bermoqda.
Don mahsulotlari – bug’doy, makkajo’xori, guruch va arpa narxi 1,5 foizga oshdi. FAOning qayd etishicha, bu qisman asosiy eksport qiluvchi mamlakatlardan yetkazib berishga to’sqinlik qilgan logistika uzilishlari bilan bog’liq. Biroq don mahsulotlari uchun 12 oy davomida o’rtacha narx o’tgan yilga nisbatan 15,4 foizga pasaygan. 2023 yilda faqat guruch narxi ko’tarildi. Bu asosan El Ninoning guruch ishlab chiqarishga ta’siri va Hindiston tomonidan qo’yilgan eksport cheklovlari bilan bog’liq.

O’simlik yog’i noyabr oyiga nisbatan 1,4 foizga, 2023 yilda esa bu ko’rsatkich 32,7 foizga kamaydi. Shakar narxlari indeksi noyabr oyiga nisbatan 16,6 foizga tushib, to’qqiz oylik eng past darajaga yetdi, garchi bu ko’rsatkich hali ham 2022 yil dekabr darajasidan 14,9 foizga yuqori.

Shakar narxining pasayishi, asosan, Braziliyada yuqori ishlab chiqarish sur’atlari, shuningdek, Hindistonda etanol ishlab chiqarish uchun shakarqamishdan foydalanishning kamayishi bilan bog’liq.

Go’sht narxlari indeksi 2023 yilning noyabriga nisbatan 1 foizga, 2022 yilning dekabriga nisbatan esa 1,8 foizga pasaygan.

Mintaqaviy iste’molchilarning mol go’shti va parranda go’shtiga bo’lgan qiziqishi ham, asosiy ishlab chiqaruvchi hududlarda ko’p eksport ta’minotiga qaramasdan kamaydi.

Umumiy tendensiyadan farqli o’laroq, sut mahsulotlari narxlari indeksi noyabr oyiga nisbatan 1,6 foizga oshdi, garchi uning qiymati 2022 yil dekabriga nisbatan 16,1 foizga past. Oylik o’sish G’arbiy Yevropada bayram mavsumi oldidan kuchli iste’mol talabi bilan qo’llab-quvvatlangan sariyog’ va pishloq narxining oshishi bilan bog’liq. Shu bilan birga, global import talabining yuqoriligi to’liq sut kukuni xalqaro ta’minotining oshishiga olib kelgan.