Rossiyada eng sevimli, eng ko’p o’qiladigan shoir kim, degan savol tushganda ko’pchilik «Sergey Yesenin!» deb javob beradi.
Sevimli bo’lmoq, albatta, ijodkor baxti. Qaniydi, u shaxsiy hayotda ham baxtiyor bo’lsa.
Eseninning bir do’stiga yozgan maktubida quyidagi satrlar bor edi: «Eng chigal va murakkab taqdir xuddi mening peshonamda bitilgandek…»
Esenin Anna ismli qizni sevdi, turmush qurdi, lekin «chala taqdir»ining alamini tortdi.
Zinaida bilan qurgan ikkinchi turmushi ham o’xshamadi.
Ruhiy iskanja unga tinchlik bermas, ko’ngliga hech narsa sig’mas, aytmasdan uydan chiqib ketadigan odat chiqargandi. Yaqinlari shaharma-shahar shoirni qidirardi.
Qismat rus shoirini amerikalik raqqosa Aysedora Dunkanga ro’baro’ qildi. Sergey ingliz tilini, Aysedora rus tilini yaxshi bilmasa-da, bir-biri tomon talpinayotgan ikki ko’ngil tarjimonga muhtoj emasdi.
— Raqs maktabini ochsak… — deydi Aysedora.
— Yaxshi bo’lardi, — ma’qulladi Seryoja.
Lekin bu niyatni mablag’siz amalga oshirib bo’lmaydi. Yevropa bo’ylab gastrolga chiqqan Aysedoraga Yesenin hamrohlik qildi. Berlinda ancha qolib ketishdi. Iste’dodli shoir bu yerda muxlislar orttirdi. Keyin Aysedoraning istagi bilan Amerika tomon yo’l olishdi.
Aysedora jozibador raqsi, Seryoja esa (u «ikkinchi Pushkin» degan nom bilan ham yuksak e’tirof topgandi) go’zal she’rlari ila hammani maftun etar, qayta-qayta ularni sahnaga taklif etishardi.
Ajoyib juftlik hamon ko’pchilikning havasini keltirsa-da, ilgaridagi jo’shqinlik endi yo’q. Ikki yulduz bir-biriga to’g’ri kelmay qoldi. Har kuni janjal.
1923 yili Rossiyaga qaytishdi. Aytganimizdek, bir vaqtdagi harorat va halovatdan asar yo’q.
Sergey bir necha hafta bedarak bo’lib qolgandi, yuragiga g’ashlik cho’kkan Aysedora: «Buning sababchisi ayol, — deb boshini qo’llari orasiga oldi. — Faqat ayol!»
Haqiqatan ham, Yesenin Galina ismli ko’hlikkina ayolning uyida qo’nim topgandi. Biroq topishganlar bir necha oy birga bo’ldi, xolos.
Sergey Yeseninning Galina Benislavskaya bilan uzoq yashamaganligiga sohibjamol Sofya (Lev Tolstoyning nabirasi) sabab bo’lgandi. Sofyaning uyida haqiqiy baxtini topganday edi shoir, ammo hayal o’tmay… sog’lig’ini yo’qotdi.
Bir paytlar Yeseninning turmushida jonli hayot nafasi bor edi, she’rlarida nur. Biroq endi ruhi tushgan, vujudini abadiy zulmat o’z qa’riga tortib borayotganday.
Ustun kelgan ajal Yeseninni hayotdan bevaqt olib ketdi. Qabriston uni bag’riga olayotganda sobiq yostiqdoshlari Anna, Zinaida, Galina, Aysedora yetib kelishdi. Ular kundoshlari — shoirning so’nggi rafiqasi Sofyaning yonida, motam libosida bosh egib turishardi.
Oradan bir yil o’tgach, to’pponcha ko’tarib Sergey Yesenin qabri boshida paydo bo’lgan Galina Benislavskaya o’z joniga qasd qildi. Sofya, Zinaida, Galina va Aysedoraga ham ortiq ro’shnolik nasib qilmadi.
Chigal taqdir edi bu. O’lmas lirikasida, g’aroyib dostonlarida sevgi va vafo qo’shig’ini kuylab, she’riyatga oshno, muhabbatga hamnafas ko’ngillarni zabt etgan betakror shoirning murakkab qismati.
Darvoqe, yana bir mahbubasi bor edi shoirning — Shahina (Shagane). Ko’pchilik Shaganeni fors go’zali deb o’ylashadi. Shagane, aslida, go’zal bir arman qizining ismi. Familiyasi Terteryan. Tbilisida uchrashishgandi. Qiz surati mahliyo qilgandi shoirni. Yesenin orzusidagi fors go’zaliga o’sha Shaganening ismini berdi.
Shahina Sergeyning xayollarida yashadi. «Fors taronalari»ning yaratilishiga turtki bo’ldi. Bu asar Bokuda, Xazar dengizi sohillarida yozildi. Nega Eronda buyuk Firdavsiyning vatanida emas? U yerga borishni orzu qilardi-ku?
Shoir orzularini ro’yobga chiqarish uchun Ozarbayjonga keldi. Lekin chegaraning u tomoniga o’tishni maslahat berishmadi. Eron notinch edi. U lojuvard dengizning narigi tomonidagi go’zal o’lkaga — Firdavsiy vataniga xayolan safar qildi. «Safar chog’i»da esa Toshkent jonlanardi ko’z oldida.
Kavkaz sayohatidan oldin Toshkentda bo’lgandi. Bahor chog’ida.
Ana u ko’hna Shoshning ko’chalarida. Choyxonalarida. O’zbek hovlilarida. O’qimishli odamlar davrasida. To’ylarda.
Shoir Aksana (Ksana) ismli rus qizidan boshqa bironta ayolning yuzini ko’rmadi. Xonimlarimiz hali paranjini tashlamagandi. Yesenin to’ylarda bo’lganida patnis ko’targan nozik qo’llargagina ko’zi tushgandi, xolos.
Nozik qo’llarga mutanosib latofatli chehrani tasavvur etarkan…
Men Bosforda bo’lmaganman hech,
Uni so’ylab berolmam senga.
Lekin moniy ko’zlaring har kech
Dengiz bo’lib ko’rinar menga,
deb yozadi shoir.
«Fors taronalari» xayoliy Eron va real Toshkent taassurotlarining qorishmasi, sintezi sifatida dunyoga kelgan, deyishlarida jon bor, albatta.
Men dardimga Tehron gulidan,
Choyxonada topoldim darmon.
Bu satrlarni o’qirkanmiz, Toshkent choyxonalari ko’z oldimizda jonlanadi.
Esenin Toshkentda bo’lmaganida, ehtimol, «Fors taronalari» yozilmagan bo’lardi. Yozilganda ham bu darajada ta’sirli chiqmas, har bayt, har misradagi shoirona lutf, nazokat she’riyat shaydolarining qon-qoniga singib ketmasdi.
Toshkentliklar rus shoirining hurmatini joyiga qo’yishdi. Oradan ko’p yillar o’tib, Toshkentda ulug’ rus shoirining uy-muzeyi ochildi. Ona yurti Konstantinovodan keyingi o’rinda turuvchi shoir xotirasini saqlaydigan inshoot, deb ta’riflaydilar bu uy-muzeyni.
Toshkent sharofati bilan dunyo yuzini ko’rgan «Fors taronalari». Rus shoirining eng yorqin va farahbaxsh satrlarini o’zida mujassamlashgan turkum. Toshkent tasvirlari…
Haqiqiy Sharq bilan shu yerda tanishgandi ulug’ shoir. Moviy va ko’rkam o’lkaning tinch qo’ynida sayr etish qanday baxt, deb yozgandi u dunyoning 250 tiliga tarjima qilingan «Fors taronalari»da. O’sha moviy o’lka — gul va maysalarga burkangan Toshkent. Sergey bir olam taassurot bilan qaytgandi bu yerdan.
Dunyo kezib hech qaerda bunday qadr topmaganini u keyinchalik minnatdorlik hissi bilan bot-bot eslar, Sharqda, buyuk daholar yurtida «Pugachyov» poemasining asosiy boblarini yozib tugatganidan g’ururlanardi.
Ta’kidlaganimizdek, ko’p sohibjamollar hayotida bo’ldi. Lekin tom ma’noda uni kim baxtli qila oldi? Annami? Zinaidami? Aysedorami? Galinami? Sofyami?
Va yo xayolidagi, orzusidagi Shahinami?
Ilhom parisi — Shahina. Hayotidagi eng shirin damlar Shahina bilan bo’lgan damlari emasmidi?
Esenin G’arbiy Yevropada bo’lgan va ijod qilgan. Amerikada bo’lgan va ijod qilgan.
Lekin Rossiyada eng ko’p o’qiladigan shoir farahbaxsh ilhom daqiqalarini — hayotidagi eng xush lahzalarni qaerda o’tkazgan, ijod nash’asidan halovat topgan edi?
Taniqli rassom Fyodor Vasilyevich Lixoletov shunday deb yozadi:
«Turkiston (Toshkent) Yeseninga juda yoqqandi. Ba’zan u dunyo tashvishlaridan xoli bo’lgancha bu yerdagi bag’rikeng va mehribon odamlar orasida, mana shu hamisha moviy, qaynoq osmon ostida, ko’m-ko’k bog’lar va shivirlab oqayotgan ariqlar yonida yashashning naqadar KATTA BAXT ekanligi to’g’risida so’zlardi…»
Muhammad ShODIY
Hordiq gazetasidan olindi