Ertaga Oyning to'liq tutilishi kuzatiladi

O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutidan  xabar qilishlaricha, shu yilning 27 iyuli jumadan 28 iyuli shanbaga  o’tar kechasi qiziqarli osmon hodisasi – Oyning to’liq tutilishi sodir bo’ladi. Bu tutilish O’zbekistonning hududining xamma joylarida boshdan oxirigacha kuzatiladi.

Tutilish 27 iyul kuni butun O’zbekiston hududi bir vaqtda soat 23 dan 24 daqiqa o’tganda boshlanadi. Bunda Yer soyasi Oy diskini sekin-asta to’sa boshlaydi. Bir soatdan keyin, ya’ni 28 iyul soat 00 dan 29 daqiqa o’tgach Oy sirti soya bilan batamom qoplanadi, tutilishning to’la fazasi boshlanadi.

Bizga ma’lumki, Quyosh tutilganida Quyosh qisman yoki to’liq  ko’rinmay qoladi. Oy tutilishida esa Oy butun tutilish davomida ko’rinib turadi. Faqat Oy soya ichida  harakatlana boshlaganda u qizg’ish-jigarrang tusda ko’rinadi.

To’la tutilish fazasining davomiyligi 1 soat 43 daqiqani tashkil qiladi, ya’ni Oy 104 daqiqa davomida soyada bo’ladi. U soat 2 dan 13 daqiqa o’tganda soyadan chiqa boshlaydi, soat 3 dan 19 daqiqa o’tganda esa butunlay soyadan xoli bo’ladi. Tutilishning umumiy davomiyligi esa salkam 4 soat.

Tutilishni oddiy ko’z bilan ham kuzatish mumkin. Agar bordiyu, sizda durbin yoki kuzatish trubasi bo’lsa, Oy yuzini yaxshiroq ko’rishingiz va ushbu astronomik hodisadan ko’proq zavq olishingiz mumkin.

Oxirgi marta Oyning to’la tutilishi mamlakatimizda shu yilning 31 yanvar kuni kuzatilgan edi. Bu safar Oy Yer soyasining markazidan o’tishi bilan ajralib turadi va shuning uchun tutilish davomiyligi nisbatan uzoq — 103 daqiqani tashkil etadi. Oxirgi marta bunga o’xshash tutilish 2011 yilning 15 iyunida sodir bo’lgan edi. Unda tutilish davomiyligi 1 soat 40 daqiqani tashkil qilgan edi, ya’ni bu safargidan 3 daqiqaga kam.

27 iyul sanasida yana bir ajoyib astronomik hodisa — Marsning buyuk ro’para turishi ro’y beradi.

Oyning yonginasida, 6 gradus janubroqda siz yorug’ qizg’ish «yulduz»ni ko’rashingiz mumkin, bu Mars sayyorasidir. U kun sayin Yerga yaqinlashib kelmoqda, 27 iyulda Mars eng qisqa masofa — 57,5 mln kilometrgacha yaqinlashadi.

«Ro’para turish» deb Mars «Yer–Quyosh» chizig’ining davomida Yer orbitasiga eng yaqin turgan holatiga aytiladi. Yer va Marsning yaqinlashishi har 2 yilda sodir bo’ladi va bu holatda Mars butun tun davomida ko’rinib turadi.

Agar ro’para turish yozning oxirida ro’y bersa, bunda Mars o’zining Quyoshga eng yaqin nuqtasi — perigeydan o’tayotgan bo’ladi va Yer bilan o’rtadagi masofa 56–60 mln km ni tashkil etadi. Bunday qarama-qarshi turish «buyuk ro’para turish», deb ataladi. Bu hodisa 15 yoki 17 yilda bir marta takrorlanadi. Bunday hodisa oxirgi marta 2003 yilning 27 avgustida sodir bo’lgan edi, u haqiqatdan ham Marsning «juda buyuk» ro’para turishi edi, chunki ungacha masofa 56 mln kilometrdan kamroq qiymatni tashkil etgan edi.

Hatto mana shunday yaqin masofadan ham osmonda Marsni yulduzdan farqlash ancha qiyin. 50 marta kattalashtira oluvchi teleskop yordamida uning faqat diskini ko’rish mumkin. Biroq Mars sirtidagi kanal va tog’larni ko’rish uchun kattalashtirishi 500 va undan yuqori bo’lgan teleskop zarur. Bundan tashqari kuzatuvni shahardan tashqari, atmosferasi chang va bulutlardan xoli bo’lgan, turbulentlik kam bo’lgan joyda o’tkazish lozim.

O’zbekistondagi shunday joylardan biri — bu Maydanak tog’idir, u yerda Astronomiya institutining observatoriyasi faoliyat olib boradi. Albatta, observatoriya Oy tutilishi va Marsning ro’para turishini kuzatuvlar rejasiga kiritgan va tez kunlarda institut saytiwww.astrin.uz orqali bu ajoyib hodisalarning davomida olingan fotosuratlar bilan tanishtiramiz.

Yusuf TILLAYEV,

Fanlar akademiyasi Ulug’bek nomidagi Astronomiya instituti ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari, fizik-matematika fanlari nomzodi

daryo.uz