Erkak kishini qanday ruhlantirish mumkin?

Agar eringiz divanda kun bo’yi televizor ko’rib yotsa, uni o’rnidan turgizish sirini o’rgatadigan yo’llari bor! Bilishni istaysizmi?

Unda eshiting! SIZ HAM YoNIGA YoTIB OLING! Urush-janjalsiz! Kinoya qilmasdan, miyasini egovlamasdan, jimgina… Albatta, bu qiyin…

Qaysi holatlarda erkak kishi ruhlanmaydi? Aksincha, ishi orqaga ketadi? Shularni bilib olaylik.

* Unga muntazam pul berib turish; hatto qarzga ham mumkin emas! Siz o’zingizni hamda uni parchalamoqdasiz. Chunki erkak kishi sizdan pul olganidan so’ng o’zini qarzdor sezadi, siz esa o’z navbatida ongosti dasturi bo’yicha uni zaif deb bilasiz. U o’zi bilmagan holda sizdan achchiqlana boshlaydi, sizning bu qutqaruvchi holatingiz munosabatlarni mustahkamlaydi deb o’ylamang. Ruhlantirishni esa aslo!

* Erkak kishini ayash, xuddiki uni “Bir o’zi oilani torta olmaydi. Hisob to’lovlarini men vaqtincha to’lab tura qolay deyish”, esingizda bo’lsin, vaqtinchaning doimiyga aylanib qolish ehtimoli ko’proq! Ishga berilish, hatto 2 tadan ishda ishlash. Siz bu bilan erkak kishini bo’shashgan, qo’lidan ish kelmaydigandek ko’rsatasiz. Siz esa, kuchlisiz, axir yana qutqarmoqdasiz-ku!

* Erkak kishiga: “Boring, u yerda ishlang, bu joydan ish toping, biznes qiling!” deb javralgan buyruq ham teskari natija beradi. Aniqrog’i, yana o’zingiz bajarishingizga to’g’ri keladi. Chunki, prinsip yuzasidan ham u bajarmaydi. Buyruqlarni komandirlar beradi-ku?! Erkak kishi tabiatan uyni erkin va mehr topadigan makon deb qabul qiladi. Siz mehringiz bilan unga chiroyli munosabat orqali yetkazsangiz, unda boquvchilik hissi uyg’onadi.

To’polon, janjal, kinoya, shaxsiyatiga tegish, egovlash orqali ikkinchi yarmingiz o’z qobig’iga o’ralib oladi chig’anoqlarga o’xshab. Ehtiyot bo’ling! U o’sha chig’anog’i bilan qochib ketishi mumkin.

Xafa bo’lib yurish, befarqlik, jimjitlik rolini o’ynash! U o’zi shundoq ham divanda kuchi yo’qligi uchun yotibdi, siz esa undan oxirgi kuchini ham bu ishingiz bilan olib qo’yasiz!

Isbotlash. “Bolaga u kerak! Bu kerak!” deyish bilan u ruhlanib ketmaydi. Bunday holatda erkak kishi o’zining yoshligini eslab qolishi mumkin, u paytda o’zida bu narsalarning yarmi ham bo’lmaganligini sizga aytib berishi hech gap emas.

Boshqa erkaklar bilan taqqoslash! Dugonangizning eri, qo’shningizning kuyovi, hatto seriallardagi qahramonlar bilan ham mumkin emas! Munosabatlarni to’g’rilayman deb, buzib yuborish hech gap emas!

O’zingiz variantlar bersangiz! “Keling, man dugonamdan pul olib turaman, keyin beramiz-da”, deb qilingan ish. Baribir, o’zingiz qaytarishingizga to’g’ri keladi. “Keling, oziq-ovqatlarda tejab turamiz”, deyish erkak kishini hech qanaqasiga ruhlantirmaydi! Uning o’rniga qarorlar qabul qilish esa aslo! Aksincha, yana o’zingizning bo’yningizga tushadi. Erkak kishi esa bu holatga o’rganib qoladi-da. “Mening qanday umnitsa-aqlli ayolim bor ekan-a!!!” deb oqim bo’ylab xotirjam suzib ketaveradi.

O’zining shaxsiy misollari orqali ayol kishi o’zini o’rnak qilib ko’rsatib berishi! Uchta ishga kirib erkak kishiga mana ishlash shunday bo’ladi deb isbotlash… Bunday holatda erkak kishi kompyuter o’yinlariga, telefon o’yinlariga sho’ng’ib ketishi mumkin. To’g’ri-da, u yerda, xech bo’lmasa, kimnidir qutqarishi mumkin, o’yin orqali ochko yig’adi, rag’bat oladi! Uyda esa u hech kimga kerak emas.

Erkak kishini ushlab qolish, ishlatish maqsadida farzand ko’rish. Kimlardadir bu jarayon ish beradi. Aql bilan chiroyli yondashganda. Aksariyat hollarda, yaratilgan hal qilinmagan muammolardan qochish maqsadida yomon odatlarga mukkasidan ketishi hech gap emas.

Eng yaxshi va ishlaydigan yo’li – erkak kishiga bo’lgan ishonch! Bu usul uning erkaklik sifatini oshirib, yanada mas’uliyatli qiladi. Tasavvur qiling, bugundan boshlab sizning oylik maoshingizni kamaytirishdi. Byudjetga sizning qo’shadigan balansingiz kamaydi. Nima bo’lganda ham sinab ko’ring. Uni boquvchi sifatida tan oling. Erkaklarda sherning xislati bor: ko’chaga chiqdimi, ovchiga aylanadi, nimanidir ko’tarib kelish unga xos. Sizning vazifangiz esa chiroyli ruhlantirish! Menimcha, bilib oldingiz.

Aziz ayollar! Yuqoridagi punktlarda o’zingizda bor biron bir xislatni ko’rgan bo’lsangiz, hech kimga indamay darrov to’g’rilab oling.

Dildora Rahimova

(Begoyim.uz)