O’rta Yer dengizi va Egey dengizlarining tutashgan yeri bo’lgan Mug’laning Bodrum, Fethie, Marmaris, Datcha, Go’jek, O’ludeniz va Ko’yjegiz kabi eng mashhur sayyohlik maskanlariga mezbonlik qilishini bilarmidingiz? Bodrum-Milas va Dalamandagi ikkita xalqaro aeroporti bilan mintaqa moviy va yashil manzaralari, qadimiy shaharlari, nodir osori-atiqalari, musaffo havosi va feruza rangli suvlari bilan tashrif buyuruvchilarni maftun etadi. Keling, Turkiyaning eng uzun qirg’oq chizig’iga ega hamda sayohatchilar uchun mashhur yozgi dam olish maskani bo’lgan Mug’laning turistik kurortlariga qisqa sayohat uyushtiraylik…
Bodrum, shubhasiz, Turkiyaning go’zal sohil chizig’ida joylashgan eng mashhur dam olish maskanlaridan biridir. Ko’pikli suvlari bilan go’zal qirg’oq chizig’ida joylashgan Bodrumning oltin qumi va “Moviy bayroq”li sohillari quyosh va dengizni sevuvchilarga jonli tabiat bag’rida dam olish tajribasini taqdim etishi bilan birga, ko’plab suv faoliyatlari, jumladan, suv ostiga sho’ng’ish uchun qulay joylarni taklif etadi. Tarixga qiziquvchilar uchun XV asrda Rodos ritsarlari tomonidan qurilgan Bodrum qal’asi va qal’a ichidagi Bodrum suv osti muzeyi, qadimgi davrning yetti mo»jizasidan biri bo’lgan Galikarnas maqbarasi xarobalari ko’rishingiz shart bo’lgan yerlar ro’yxatidadir.
Oshpazlik ustalarining maskani bo’lgan Bodrumdagi kechki ovqatlar, ayniqsa, turk va xalqaro taomlarning xilma-xil tanlovlarini taqdim etuvchi restoranlarga mezbonlik qiluvchi portlar va qirg’oqbo’yi hududlarida, shuningdek, quyosh botishining go’zal manzaralarini ham kuzatishingiz mumkin.
Tabiiy go’zalligi, mukofotga sazovor bo’lgan sohillari, sokinligi va yorqin manzaralari bilan yana bir mashhur Mug’la sayyohlik kurorti bo’lgan Fethie mashhur yozgi ta’til o’tkazish maskanlaridan biridir. O’ludeniz nafaqat o’zining go’zal qirg’og’i bilan ajralib turadi, balki 80 dan ortiq kapalak turlarini o’z ichiga olgan, 1995 yildan beri tabiiy muhofaza qilinadigan hudud – Kapalaklar vodiysi (Kelebekler Vadisi) Fethiening eng mashhur sayyohlik joylaridan hisoblanadi. Dunyoning eng yaxshi uzoq masofali piyoda yurish yo’llaridan biri bo’lgan Likiya yo’li ham Fethieda joylashgan bo’lib, jarliklar va kanyon tubi bo’ylab o’tadigan Esen oqimi, shuningdek, bir nechta yer osti yo’llari mavjud. Bundan tashqari, shahar sho’ng’ish joylari bilan ham mashhurdir. Chunki uning suvlarida turli xil baliq va dengiz o’simliklari mavjud. Fethie, shuningdek, Turkiyaning va dunyoning eng muhim parashut va paraplanda uchish markazlaridan biri bo’lgan Babadag’ga ham mezbonlik qiladi.
Tabiat go’zalliklari, uzoq o’tmishi, ko’m-ko’k dengizi va oltindek qumlarni taklif etuvchi Marmaris sayohatchilarga yozgi ta’til uchun zarur bo’lgan barcha imkoniyatlarni taklif etadi. Turunch va Ichmeler kabi go’zal sohillari bilan tanilgan ushbu kurortga har yili ko’plab sayyohlar tashrif buyurishadi. Tarix ixlosmandlari Kariyaning eng muhim port shaharlaridan biri bo’lgan qadimiy Fiskos shahrini ko’rishdan zavqlanadilar.
Sedir oroli sifatida ham tanilgan Kleopatra oroli tetiklashtiruvchi muzdek suvlarida suzishni va tarixiy inshootlarni kuzatishni istagan sayyohlarni o’ziga tortadi. Oltindek qumi bilan mashhur bo’lgan va tarixiy ahamiyati tufayli himoyalangan Kleopatra orolida Apollon ibodatxonasi, teatr va nekropol kabi qadimiy joylar ham mavjud. Marmarisning dengiz bo’yidagi ikkita aholi punkti bo’lgan Selimie va Bozburun, shuningdek, kruiz terminali ham tinch va sokin dam olishni kafolatlaydi.
Marmaris va Fethie o’rtasidagi yo’lda joylashgan Ko’yjegiz Turkiyaning CittaSlow shaharlaridan biridir. Ko’yjegiz ko’lidagi qayiq sayohatlariga qo’shilgan mehmonlar apelsin daraxtlarining hididan bahramand bo’lishlari bilan birga, Ko’yjegiz-Dalyan maxsus atrof-muhitni muhofaza qilish hududida yashovchi Caretta Caretta dengiz toshbaqalarini ham ko’rish imkoniyatiga ega bo’lishingiz mumkin.
Mintaqadagi eng qadimgi aholi punktlaridan biri va Kariya sivilizatsiyasining eng ajoyib shaharlaridan biri bo’lgan qadimgi Kaunos shahridir. U miloddan avvalgi davrda qurilgan bo’lib, IV asrga oid qoyalari bilan tashrif buyuruvchilarni hayratga soladi.
Datcha – Mug’laning sokin va maftunkor yarim oroli hisoblanadi. Shaharning muhim aholi punkti bo’lgan Yangi Datcha (Yeni Datça)da ko’plab restoranlar, kafelar shu bilan birga, baliq va o’rdaklarga boy Ilisa ko’li joylashgan. Datcha yarim orolining g’arbiy uchiga yaqin joyda joylashgan Knidos qadimiy shahri sayyohlarning o’tmishini qayta jonlantiradigan o’zgacha manzildir. Datcha o’t-o’lanlari, dengiz mahsulotlari, shifobaxsh asali va bodomlari bilan tayyorlangan mahalliy taomlari bee’tibor qoldirmaslik kerak bo’lgan omillardan sanaladi.