Dunyoning yagona rasm chizuvchi qo‘yi Janubiy Afrikadagi san’at ustaxonasidan o‘g‘irlab ketildi, uning egasi qo‘yni topgan shaxsga 60 000 yevro miqdorida mukofot taklif qilmoqda. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, BAAnskiy ismli rassom qo‘yning egasi Joann Lefson jonivorning xavfsiz qaytarilishi uchun 60 000 yevro (taxminan 811 mln 320 ming so‘m) miqdorida mukofot puli taklif qilmoqda.
“O‘g‘irlik rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin, chunki BAAnskiy sakkizta qo‘y orasidan yagona o‘g‘irlab ketilgani. BAAnskiy bir necha kundan keyin Buyuk Britaniyadagi mijoz bilan rasm savdosi uchun uchrashishi kerak edi”, deyiladi xabarda.
Joann Lefson BAAnskiyni topish uchun xususiy tergovchilarni yolladi va o‘zining iste’dodli qo‘yiga qayta yetishishni orziqib kutmoqda.
U OAVga bergan intervyusida shunday dedi:
“U sakkizta qo‘y orasidan tun yarmida o‘g‘irlab ketildi. BAAnskiy – dunyodagi yagona rasm chizuvchi qo‘y ekanini hisobga olsak, bu tasodifiy emas deb o‘ylayman. Men ikki tajribali xususiy tergovchini yolladim va 50 000 funt sterling mukofot e’lon qildim”.
Ma’lumot uchun, BAAnskiy chizgan rasmlar juda qimmatbaho bo‘lib, har biri 3 500 funt sterlinggacha sotiladi. BAAnskiy rasm chizishni unga yo‘l ko‘rsatgan avvalgi rassom cho‘chqa – PIGcasso‘dan o‘rgangani aytiladi. PIGcasso chizgan rasmlar taniqli shaxslar, jumladan aktyor Jorj Kluni tomonidan xarid qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-York hayvonot bog‘ida saqlanadigan pingvinlar, jirafalar, yalqovlar, kapibaralar va boshqa hayvonlar chizgan rasmlar gala-auksionga qo‘yilgandi.