Dunyodagi eng katta Qur'on nusxasi namoyish etiladi

Shu yil 2 oktyabr kuni alyuminiy materialga ishlangan dunyodagi eng katta hajmdagi Qur’oni karim nusxasi “Dubay Ekspo 2020” xalqaro ko’rgazmasida namoyish etiladi. Uni pokistonlik xattot ko’chirgan. Bu haqda O’zbekiston Musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo’limi xabar qilmoqda.

Pokistonlik rassom besh yil oldin alyuminiy materialga Qur’on oyatlarini yaltiroq harflar bilan o’yib chizgan. Bu alyuminiyga yozilgan 1400 yillik Islom tarixidagi dunyodagi eng katta Qur’oni karim nusxasidir. Rassom ilgari xuddi shunday shriftda alyuminiy va oltindan Allohning 99 ta go’zal ismlarini o’yib yozgan.

Shahid Razod besh yil oldin boshlagan loyihasini bu yil olti oy davom yetadigan “Dubay Ekspo 2020” ko’rgazmasida namoyish etadi.

Ma’lumot uchun: Shahid Razam 2000 yilda Al Ayn universitetining «Yil rassomi» mukofotiga sazovor bo’lgan.

Qur’oni karimning alyuminiy materialga o’yib yozilgan ushbu nusxasi ramkadan tashqari uzunligi 8,5 fut (259 sm) va kengligi 6,5 fut (198 sm). Har bir sahifasi 150 so’zdan iborat bo’lib, ularning umumiy soni 550 tani tashkil qiladi.

Eslatib o’tamiz, “Dubay Ekspo 2020” ko’rgazmasi o’tgan yil oktyabr oyida bo’lib o’tishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli qoldirilgandi.

Xalqaro ko’rgazma shu yilning 1 oktyabridan 31 martigacha 182 kun davomida o’tkaziladi. Unda 25 milliondan ortiq tashrif buyuruvchilarni qabul qilishi kutilmoqda.