image0

Fransiya poytaxti Parij shahrida 150 million yillik dinozavr kim oshdi savdosida 6 million yevro (6 million 250 ming 800 dollar)ga sotildi va u dunyo bo‘ylab auksionda sotilgan tarixdagi eng yirik dinozavrga aylandi. Bu haqda “France24” xabar berdi.

Qayd etilishicha, xaridni muzeyga o‘tkazmoqchi bo‘lgan anonim kolleksiyachi sotib olgan.

O‘txo‘r Apatozavrning 22 metr uzunlikdagi skeleti 75-80 foiz asl suyaklardan iborat. U 2018 yilda AQSHning Vayoming shtatida topilgan va qazish ishlari fransuz investorining moliyaviy ko‘magida bo‘lib o‘tgan. Keyin qoldiqlar ikki yillik restavratsiya qilish uchun Fransiyaga yuborilgan.

AQSH g‘arbiy shtati Vayomingdagi qonunchilikka ko‘ra, shaxslarga tarixiy suyaklarni qazib olish uchun ruxsat berilgan.

Ma’lumot uchun, Apotozavr – aldamchi kaltakesak ma’nosini anglatadi. U Shimoliy Amerika hududida yashagan o‘txo‘r dinozavrlar turkumiga kiradi. Tadqiqotchi Charlz Marsh 1877 yilda dinozavrning birinchi turini topgan. Dinozavrning ikkinchi turi esa Villiam Holland tomonidan 1916 yilda kashf etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik tadqiqotchilar Sharqiy Xitoyning Szyansi provinsiyasida dinozavr tuxumlarining yangi turini topgandi. Tuxumlardan birining uzunligi bor-yo‘g‘i 29 mm bo‘lib, dunyo miqyosida topilgan eng kichik namuna hisoblangan. Szyansi geologik qidiruv instituti, Uxandagi Xitoy geofanlar universiteti hamda Xitoy Fanlar akademiyasining Umurtqali hayvonlar paleontologiyasi instituti tadqiqotchilaridan iborat guruh uch yillik tadqiqotdan so‘ng 6 ta tuxum qoldiqlarini tasdiqlagan. Ularning barchasi bo‘r davriga oid bo‘lib, qariyb 80 million yil oldin yashagan dinozavrlarga tegishli ekanligi haqida xabar berilgandi.

Muhammad Hodiyev